Yangiliklar

Yevropadagi jazirama bir haftada 4 ming kishining bevaqt vafotiga sabab bo‘ldi

20–28-iyun kunlari
Yevropadagi jazirama bir haftada 4 ming kishining bevaqt vafotiga sabab bo‘ldi
Foto: TASS

Yevropada iyun oyining oxirida kuzatilgan rekord darajadagi issiq ob-havo oqibatida kamida 3,7 ming kishi muddatidan oldin vafot etgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 20–28-iyun kunlari Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada kuzatilgan anomal issiq elektr ta’minotidagi uzilishlar, yo‘llar va temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetishi, shuningdek shifoxonalarga murojaatlar keskin ortishiga sabab bo‘lgan. Olimlar bu holatni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda.

Eng ko‘p qurbon Fransiyada

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Ristning ma’lum qilishicha, mamlakatda issiq tufayli 2 025 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Qurbonlarning asosiy qismini 45 yoshdan oshganlar tashkil etgan.

22–28-iyun kunlari uy sharoitida qayd etilgan o‘limlar soni 91 foizga oshgan. Shuningdek, qariyalar uylari va shifoxonalarda ham ko‘plab o‘lim holatlari qayd etilgan. Rasmiylar yakuniy ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Belgiya va Niderlandiyada ham talafotlar qayd etildi

Belgiya Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotiga ko‘ra, 18–29-iyun kunlari mamlakatda issiq sababli 1 200 kishi bevaqt vafot etgan. Ularning 530 nafari 85 yoshdan oshgan, 65 yoshgacha bo‘lganlar orasida esa 180 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Niderlandiyada esa anomal issiq oqibatida 480 ga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumgan. Qurbonlarning aksariyati 80 yoshdan katta bo‘lgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yevropada jazirama hali ham davom etmoqda, biroq issiq to‘lqini endilikda qit’aning markaziy va sharqiy hududlariga siljigan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan jaziramadan qanday omon qolish mumkinligi haqida yozgandi.