
Raqobat qo‘mitasi hududiy organlari davlat xaridlari sohasida 17 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi xaridlar bo‘yicha qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hududiy organlar tomonidan davlat xaridlari bo‘yicha monitoring o‘tkazilgan va kelib tushgan murojaatlar o‘rganilgan.
Natijada bir qator hududlarda eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Eng yirik holatlar qaysi tashkilotlarda
Aniqlangan qonunbuzilishlar orasida eng yirik xaridlar Toshkent shahridagi ATB «Mikrokreditbank» tomonidan o‘tkazilgan 2 ta, qariyb 2,8 mlrd so‘mlik savdolarga to‘g‘ri keladi.
Namangan viloyatida Respublika ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazi tomonidan o‘tkazilgan 1 ta, qariyb 2,5 mlrd so‘mlik xaridda ham qonunbuzilish alomatlari aniqlangan.
Shuningdek, Xorazm viloyatida Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining 45 ta, qariyb 1,3 mlrd so‘mlik xaridlari, Toshkent viloyatidagi Saksonota davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasining 2 ta, 1,3 mlrd so‘mdan ortiq xaridlari o‘rganilgan.
Hududlarda bir qator tashkilotlar bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi
Andijon, Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida ham davlat xaridlari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlangan.
Jumladan, Andijon viloyatida bolalar ftiziatriya shifoxonasi va Bo‘ston tuman tibbiyot birlashmasi, Qoraqalpog‘istonda Nukus shahar kurash mahorati maktabi hamda Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi xaridlari o‘rganilgan.
Jizzax viloyatida suv yetkazib berish, veterinariya, qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish, tibbiyot va ta’lim muassasalari bilan bog‘liq bir nechta xaridlar bo‘yicha qonunbuzilish alomatlari qayd etilgan.
Samarqand viloyatida Oqdaryo tuman mahallalar bo‘limi, Kattaqo‘rg‘on tuman obodonlashtirish boshqarmasi hamda «Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ xaridlari bo‘yicha holatlar aniqlangan.
Majburiy ko‘rsatmalar berildi
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atildi.
Natijalar bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida «Ma’no» MChJ tomonidan o‘tkazilgan 988 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi eng yaxshi takliflarni tanlash savdosida qonun talablariga zid holatlar aniqlangandi.