Yangiliklar

5 ming yevrogacha maosh: Italiya O‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni ishga taklif qilmoqda

Dasturda 50 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin
\Italiya O‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni ishga taklif qilmoqda / Foto: Credenza

Italiyaning Sardiniya hududida ishlash uchun yiliga 100 nafar shifokor va hamshiralar qabul qilinadi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Tanlov shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari hamda oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr diplomiga ega nomzodlar uchun mo‘ljallangan. Shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari magistratura, ordinatura diplomi yoki shu yo‘nalishdagi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Nomzodlar Italiyaning Perugia universiteti hamkorligida tashkil etilgan italyan tili kursida 7 oy davomida onlayn tahsil oladi. O‘quv xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi va buning uchun oyiga 600 yevro ajratiladi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislar Sardiniyada 3,5 ming yevrogacha oylik maosh bilan ish boshlaydi. Qo‘shimcha ish soatlari hamda tungi navbatchilik uchun to‘lanadigan bonuslar hisobiga daromad 4 ming–5 ming yevrogacha yetishi mumkin. Ish haftasiga 38 soatni tashkil etadi.

Dasturda 50 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin, biroq 40 yoshgacha bo‘lganlarga ustuvorlik beriladi. Ish tajribasi majburiy emas, ammo tajribaga ega nomzodlar afzallikka ega bo‘ladi. Ish beruvchi turar joy xarajatlarini qoplaydi, tushlik bilan ta’minlaydi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtiradi.

Ro‘yxatdan o‘tish Migratsiya agentligining tegishli platformasi orqali amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202 33 55 (221) telefon raqami orqali olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Slovakiyada kara haydovchilari uchun 70 ta ish o‘rni ochilgan edi.