Sport

Angliya Meksikani mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi

Foto: FIFA.com

Jahon chempionatining 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan Meksika va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv inglizlarning 2:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Mexiko shahridagi «Atsteka» stadionida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuv asabiy tarzda boshlandi. Hali 1-daqiqadayoq angliyaliklar yarim himoyachisi Deklan Rays hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.

Foto: FIFA.com

Uchrashuvning borishini 36-daqiqada Jud Bellingem o‘zgartirib yubordi. Bukayo Sakaning uzatmasidan unumli foydalangan futbolchi hisobni ochdi. Oradan bor-yo‘g‘i ikki daqiqa o‘tib, Harri Keynning uzatmasini golga aylantirgan Bellingem dubl qayd etdi va jamoasining ustunligini mustahkamladi.

Biroq meksikaliklar taslim bo‘lishni xohlashmadi. 42-daqiqada Xulian Kinyones hisobdagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi – 1:2. Ikkinchi bo‘limning 54-daqiqasida Angliya terma jamoasi himoyachisi Jarell Kuansa qizil kartochka olib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi.

Foto: FIFA.com

60-daqiqada Meksika darvozabonining jarima maydonchasidagi qo‘polligidan so‘ng belgilangan penaltini Harri Keyn aniq amalga oshirib, hisobni 1:3 ko‘rinishiga keltirdi.

O‘yinning 69-daqiqasida bu safar Angliya darvozasiga penalti belgilandi. Uni Raul Ximenes muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi – 2:3. Shu tariqa Meksika turnir bilan xayrlashdi.

Foto: FIFA.com

Endi Angliya terma jamoasi chorak finalda Norvegiya bilan kuch sinashadi. Eslatib o‘tamiz, skandinaviyaliklar pley-off bosqichida kutilmaganda Braziliyani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.