Yangiliklar

Tramp memkoini millionga yaqin investorni «minusga tiqdi»

Investorlarning umumiy zarari $3,81 milliardga yetgan
Tramp memkoini millionga yaqin investorni zarar ko‘rishga olib keldi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp nomi bilan bog‘liq Trump memkoiniga sarmoya kiritgan qariyb 1 million investor katta moliyaviy yo‘qotishga uchradi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Tahlillarga ko‘ra, investorlarning umumiy zarari $3,81 milliardga yetgan.

Token narxi deyarli 97 foizga qulagan

Unga ko‘ra, 3-iyul holatida Trump tokeni $1,76 atrofida savdoga chiqqan. Bu uning avvalgi rekord narxi – $75,35 bilan solishtirganda qariyb 97 foizlik pasayishni anglatadi.

Asosiy zararni kech kirgan investorlar ko‘rdi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, memkoin ilk savdoga chiqqanida narxi keskin oshgan. Dastlab bozorga kirgan yirik treyderlar va avtomatlashtirilgan savdo botlari tokenlarni yuqori narxda sotishga ulgurgan.

Bozorga keyinroq kirgan minglab investorlar esa narx keskin tushib ketgani sabab katta yo‘qotishlarga duch kelgan.

Millionga yaqin hamyon egasi zarar ko‘rgan

Tahlillarga ko‘ra, 988 mingdan ortiq kriptohamyon egasi zarar qayd etgan. Shu bilan birga, qariyb 500 ming investor savdo orqali jami $4 milliardga yaqin foyda olgan.

Trampga bog‘liq loyihalar daromad olishda davom etgan

Token narxi qanday o‘zgarganidan qat’i nazar, uning har bir savdo operatsiyasidan undirilgan komissiyalar Tramp bilan bog‘liq tuzilmalarga daromad keltirgan.

AQSh Hukumat etikasi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Donald Trampning kriptovalyutalar bilan bog‘liq umumiy daromadi $1 milliarddan oshgan. Huquqshunoslar esa memkoin faoliyati yuzasidan kelgusida jamoaviy sud da’volari yuzaga kelishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp bir yilda $1 milliarddan ortiq daromad olgani haqida yozgandi.