
Abbosbek Fayzullayev Toshkentda osh berdi, Ronaldu Jahon chempionatini ko‘z yoshlar bilan tark etdi — kun yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Eldor Shomurodov «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan shartnomani uzaytirdi

Eldor Shomurodov Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan ikki yillik shartnoma asosida faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiya klubi o‘zbekistonlik hujumchining transfer huquqini sotib oldi. «Istanbul Bashakshehir» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda ijara asosida jamoaga qo‘shilgan Shomurodovning shartnomasidagi majburiy sotib olish bandi kuchga kirgan. Klub bayonotida Eldor Shomurodovga to‘q sariq-ko‘k libos ostidagi faoliyatida muvaffaqiyat tilangan va kelishuv ham futbolchi, ham jamoa uchun xayrli bo‘lishi qayd etilgan.
O‘zbek alifbosini 28 ta harfga o‘tkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi loyiha ko‘rib chiqildi. Hujjatda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat alifboni 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan tashkil topgan shaklga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Hindistonlik talaba O‘zbekistonda o‘ldirildi — tafsilotlar

O‘zbekistonda 22 yoshli hindistonlik tibbiyot talabasi o‘z yurtdoshi tomonidan o‘ldirilgani aytilmoqda. Hodisaga ikki talaba o‘rtasida kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan, deya xabar bermoqda Onmanorama nashri.
Marhuma Hindistonning Kerala shtatidagi Alappuja hududidan bo‘lgan Savariya ismli talaba ekani ma’lum qilingan. Gumonlanuvchi esa Malappuram hududida tug‘ilgan Sadharul Anam bo‘lib, hozirda O‘zbekistonda hibsga olingan.
Dollar tushdi: 8-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

8-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 20,73 so‘mga tushib, 12 021,32 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 10,44 so‘mga tushib, 13 734,36 so‘mni, rubl esa 2,61 so‘mga oshib, 157,64 so‘mni tashkil qildi.
Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi

Andijon shahrida 5 nafar egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Chaqaloqlar Andijon shahar 2-son tug‘uruq majmuasida tug‘ilgan.
Birinchi chaqaloq qiz bo‘lib, vazni 1 450 grammni tashkil etgan. Ikkinchi chaqaloq o‘g‘il bo‘lib, 1 605 gramm vaznda tug‘ilgan. Uchinchi chaqaloq qiz, vazni 1 495 gramm. To‘rtinchi chaqaloq o‘g‘il, vazni 1 585 gramm. Beshinchi chaqaloq esa qiz bo‘lib, vazni 1 205 grammni tashkil etgan.
Futbolchilardan qiziqchilargacha: Abbosbek Fayzullayev Toshkentda osh berdi — video

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Toshkent shahrida to‘yidan oldingi osh tadbirini tashkil qildi. Marosimda sport, san’at va madaniyat vakillari, shuningdek, taniqli shaxslar ishtirok etdi.
Toshkentdagi oshga Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Otabek Umarov ham tashrif buyurdi. Shuningdek, «Manchester City» himoyachisi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov ham marosimda qatnashdi.
Chevrolet Wuling Bingo Pro asosida arzon elektromobil chiqarishi mumkin

General Motors xalqaro bozorlarda Chevrolet’ning hamyonbop elektromobillar qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda. GM Authority’ga ko‘ra, kompaniya Wuling Bingo Pro modelini Chevrolet brendi ostida boshlang‘ich darajadagi elektromobil sifatida chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
GM Authority manbalariga ko‘ra, yangi Wuling Bingo Pro qayta brending qilinib, Chevrolet’ning eng arzon elektromobillaridan biriga aylanishi mumkin. Model asosan Chevrolet faoliyat yuritadigan rivojlanayotgan bozorlarga mo‘ljallanishi kutilmoqda. Ular qatoriga Braziliya, Meksika, Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyodagi yirik shaharlar kiradi.
Salom nafaqa: Ronaldu Jahon chempionatini ko‘z yoshlar bilan tark etdi

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu futbol bo‘yicha Jahon chempionatlaridagi faoliyatini rasman yakunladi. Portugaliya 2026-yilgi mundialning 1/8 finalida Ispaniyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqani tark etdi.
AQShning Dallas shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Biroq qo‘shimcha daqiqalarda ispaniyalik Mikel Merino g‘alaba golini urdi. Portugaliya qolgan vaqtda hisobni tenglashtira olmadi va turnirni tark etdi.
O‘zbekistonda yagona tovar tasnifi va milliy navigatsiya tizimi yaratiladi

O‘zbekistonda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini joriy etish, milliy navigatsiya platformasini yaratish hamda startaplar ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident ishtirokidagi taqdimotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda bojxona, soliq, statistika va boshqa davlat idoralari turli klassifikatorlardan foydalanayotgani sababli tadbirkorlar uchun ortiqcha xarajatlar yuzaga kelmoqda, hisobotlar aniqligi pasaymoqda va idoralar o‘rtasida ma’lumot almashish qiyinlashmoqda.
AQShda birinchi «O‘zbek mahallasi» jamoat birlashmasi tashkil etildi

AQShning Sietl shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ilk bor birlashib, «O‘zbek mahallasi» jamoat birlashmasini tuzdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Tashkilot Vashington shtati tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi va shtat Davlat kotibi Stiv Xobbs tomonidan hududdagi ilk o‘zbek jamoasi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda Vashington shtatida 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan vatandoshlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Sietl va uning atrofidagi yirik texnologik hamda sanoat kompaniyalarida faoliyat yuritadi.