
AQShning Sietl shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ilk bor birlashib, «O‘zbek mahallasi» jamoat birlashmasini tuzdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Tashkilot Vashington shtati tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi va shtat Davlat kotibi Stiv Xobbs tomonidan hududdagi ilk o‘zbek jamoasi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda Vashington shtatida 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan vatandoshlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Sietl va uning atrofidagi yirik texnologik hamda sanoat kompaniyalarida faoliyat yuritadi.

Xususan, Microsoft, Amazon, Google, Boeing, Oracle va NVIDIA kabi kompaniyalarda ishlayotgan yurtdoshlar dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, muhandislik, aviatsiya, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik yo‘nalishlarida mehnat qilmoqda.
«O‘zbek mahallasi»ga asli xorazmlik Muso Xolmurodov rais etib saylandi. Sietlda Marks nomi bilan tanilgan u Vashington shtati hukumat tizimida 15 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, hozirda shtat Tuzatish ishlari departamentida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritadi.
Jamoat birlashmasi milliy bayram va madaniy tadbirlarni tashkil etish, yangi kelgan vatandoshlarning moslashuviga ko‘maklashish, yoshlar va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xayriya hamda ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev AQSh Mustaqillik kuni munosabati bilan Trampni qutlagani haqida yozgan edik.