
AQShning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati 1/8 final bahsida Argentina va Misr terma jamoalari kuch sinashdi. O‘yin kutilmagan burilishlarga boy bo‘ldi va yakunda Argentina 3:2 hisobida g‘alabani ilib ketdi.
O‘yin kutilmaganda misrliklarning faolligi bilan boshlandi hamda ular tezda hisobda oldinga chiqib olishdi. 15-daqiqada Yosir Ibrohim jamoasining burchak to‘pidan unumli foydalanib, Marvon Attiya uzatmasini golga aylantirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 21-daqiqada argentinaliklar yetakchisi Lionel Messi penaltidan unumli foydalana olmadi va hisobni tenglashtirish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Ikkinchi bo‘limda ham Misr hujumkor o‘yin namoyish qilishda davom etdi. 67-daqiqada Mustafo Ziko Haysam Hasan uzatmasidan so‘ng jamoasining ikkinchi golini urib, ustunlikni yanada oshirdi.

Ikki gol farqi bilan ortda borayotganiga qaramay, Argentina qiyin vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini topdi. 79-daqiqada Kristian Romero Messining uzatmasidan so‘ng hisobni qisqartirgan bo‘lsa, 84-daqiqada Lionel Messining o‘zi darvozani aniq nishonga olib, o‘z xatosini to‘g‘riladi.

Haqiqiy drama esa o‘yin yakunida yuz berdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada Enzo Fernandez bosh bilan zarba berib, Argentinaning uchinchi va g‘alaba keltiruvchi golini kiritdi.
Shu tariqa uchrashuv amaldagi chempionlarning dramatik kambeki bilan yakunlandi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu g‘alabadan so‘ng Argentina keyingi bosqichda Kolumbiya hamda Shveysariya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv nashri Belgiya turnir mezboni AQShni musobaqadan chiqarib yuborgani haqida xabar bergan edi.