
Chevrolet kompaniyasi tomonidan Saudiya Arabistonida yangi Chevrolet Spark elektromobili sotuvga chiqarildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Spark EUV old g‘ildirakdan tortish tizimiga ega. Elektromotor 75 kVt quvvat va 180 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Haydovchi Eco, Normal va Sport rejimlaridan birini tanlashi mumkin. Eco rejimi energiya sarfini kamaytirishga, Normal rejimi quvvat va tejamkorlik o‘rtasidagi muvozanatga, Sport esa faolroq tezlanishga mo‘ljallangan.

Texnik imkoniyatlar
Elektromobil 42 kVt/soat sig‘imli litiy-ion batareya bilan jihozlangan. Batareyadagi suyuqlik bilan sovitish tizimi quvvatlash va foydalanish paytida haroratni nazorat qilib, uning xizmat muddatini uzaytirishga yordam beradi. Shuningdek, avtomobilda kuchli, o‘rta va yengil darajadagi uch xil regenerativ tormozlash rejimi mavjud.
Uy sharoitida 7 kVt quvvatli devoriy qurilma orqali batareyani 20 foizdan 100 foizgacha taxminan yetti soatda quvvatlash mumkin. Oddiy 2,5 kVt quvvatli mobil qurilmada 20 foizdan 80 foizgacha quvvatlash 13,5 soat davom etadi. Tezkor doimiy tok stansiyasida esa 30 foizdan 80 foizgacha quvvatlash uchun taxminan 35 daqiqa talab etiladi. Har 10 daqiqalik tezkor quvvatlash avtomobil yurish zaxirasiga 50 km gacha masofa qo‘shishi mumkin.

Qo‘shimcha imkoniyatlar
Spark EUV saloni to‘rt nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Qoplamalar qora yoki bej rangda taklif qilinadi. Bagaj hajmi odatiy holatda 428 litrni tashkil etadi, orqa o‘rindiqlar buklanganda esa 1375 litrgacha kengayadi. Ishlab chiqaruvchi bu joyga oltitagacha o‘rta hajmdagi chamadon sig‘ishini bildirgan.
Avtomobil 10,1 dyuymli sensorli multimedia ekrani bilan jihozlangan. Tizim Apple CarPlay va Android Auto xizmatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Haydovchi uchun 8,8 dyuymli axborot displeyi ham taqdim etilgan.

Xavfsizlik vositalari qatoridan 360 darajali kamera, old va orqa to‘xtash sensorlari, kruiz nazorati, to‘rtta old va yon xavfsizlik yostiqchasi hamda Buckle to Drive tizimi o‘rin olgan. Bundan tashqari, elektr yordamida buklanadigan yon ko‘zgular, masofadan boshqariladigan oynalar, olti yo‘nalishda elektr sozlanadigan haydovchi o‘rindig‘i va to‘rt yo‘nalishda qo‘lda sozlanadigan old yo‘lovchi o‘rindig‘i mavjud.
Tashqi ko‘rinish va narx
Tashqi ko‘rinishda Spark EUV qutisimon kuzov dizayni, LED faralar va 16 dyuymli yengil qotishmali g‘ildiraklarga ega. Model oltita kuzov rangida, jumladan ikki rangli tom varianti bilan taklif qilinadi. Xaridorlar avtomobilni turli dekorativ elementlar, himoya to‘plamlari va qo‘shimcha yuk saqlash aksessuarlari bilan moslashtirishi mumkin.

Chevrolet Spark EUV batareyasi uchun sakkiz yil yoki 160 ming km cheklangan kafolat taqdim etadi. Avtomobilning umumiy kafolat muddati esa uch yilni tashkil qiladi.
Modelning boshlang‘ich narxi $21 ming etib belgilangan. Avtomobil shaharda kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, NEDC sikli bo‘yicha bir quvvatlanishda 360 km gacha masofa bosib o‘ta oladi.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda Chevrolet Cobalt sotib olish bo‘yicha tavsiyalarni yozgan edi.