
General Motors xalqaro bozorlarda Chevrolet’ning hamyonbop elektromobillar qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda. GM Authority’ga ko‘ra, kompaniya Wuling Bingo Pro modelini Chevrolet brendi ostida boshlang‘ich darajadagi elektromobil sifatida chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Yangi model rivojlanayotgan bozorlarga mo‘ljallanishi mumkin
GM Authority manbalariga ko‘ra, yangi Wuling Bingo Pro qayta brending qilinib, Chevrolet’ning eng arzon elektromobillaridan biriga aylanishi mumkin.
Model, asosan, Chevrolet faoliyat yuritadigan rivojlanayotgan bozorlarga mo‘ljallanishi kutilmoqda. Ular qatoriga Braziliya, Meksika, Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyodagi yirik shaharlar kiradi.
Chevrolet’ning ilk elektr xetchbeki bo‘lishi mumkin

Agar loyiha amalga oshirilsa, Bingo Pro ayrim bozorlarda Chevrolet’ning ilk to‘liq elektr xetchbekiga aylanadi.
Kompaniya kichik va arzon elektromobillarga talab ortib borayotgani sabab ushbu segmentga kirishni rejalashtirmoqda. Bunday avtomobillar, ayniqsa, yosh xaridorlar uchun birinchi shaxsiy transport sifatida ommalashmoqda.
Model 87 ot kuchiga ega bo‘ladi

Wuling Bingo Pro uzunligi 4,05 metr, kengligi 1,76 metr va balandligi 1,58 metrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2,56 metrga teng.
Elektromobil old qismga o‘rnatilgan 65 kVt yoki 87 ot kuchiga ega motor bilan jihozlanadi. Qurilmada litiy-temir-fosfat turidagi akkumulyatordan foydalaniladi.
Dizayni Chevrolet uslubiga moslashtiriladi

GM modelni SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasining boshqa avtomobillari kabi Chevrolet brendiga moslashtirishi mumkin.
Bingo Pro’ning tashqi ko‘rinishiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilishi va unga alohida nom berilishi kutilmoqda. Avvalroq GM shu usulda Chevrolet Spark EUV va Captiva EV modellarini ham xalqaro bozorlarga olib chiqqan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan har uchinchi avtomobil Chevrolet Cobalt hisoblanadi. Uning ulushi jami ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning qariyb 36 foizini tashkil etdi.