Yangiliklar

Kongoda Ebola qurbonlari soni 500 nafardan oshdi

Kasallanish holatlari soni 1,5 mingdan oshgan
Kongoda Ebola qurbonlari soni 500 nafardan oshdi
Foto: Reuters

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola qurbonlari soni 500 nafardan oshdi. Bu haqda Reuters mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.

Mamlakat rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, hafta boshiga kelib tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 1,5 mingdan oshgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan kasallanish holatlari 1 561 taga yetgan. Shundan 506 tasi o‘lim bilan yakunlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus avvalroq so‘nggi ikki hafta davomida mamlakatda har kuni o‘rtacha 38 ta yangi tasdiqlangan holat qayd etilganini bildirgan edi.

Shu bilan birga, respublikada Ebola bezgagiga qarshi yangi preparatni odamlarda sinovdan o‘tkazish boshlandi. JSST rahbarining aytishicha, klinik sinovlar bir necha oy davom etishi mumkin va unda mingdan ortiq bemor ishtirok etadi.

Tadqiqot doirasida Mapp Biopharmaceutical kompaniyasining MBP134 eksperimental preparati Bundibugyo shtammiga qarshi mustaqil davolash vositasi sifatida baholanadi. Shuningdek, u Gilead Sciences kompaniyasi preparati bilan kombinatsiyada ham sinovdan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ebola Afrikaga $3,6 mlrdgacha zarar yetkazishi mumkinligi haqida yozgan edi.