
Fransiyaning janubidagi nazoratdan chiqqan o‘rmon yong‘ini 10 mingdan ortiq odamlarning evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Fransiyaning Ispaniya bilan chegaradosh janubiy hududlarida davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘ini tufayli 24 ta kichik shahar va qishloqdan 10 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Ma’lum qilinishicha, kuchli shamol yong‘inning yanada kengroq hududlarga tarqalish xavfini oshirmoqda.

Yevropa Ittifoqidan yordam kuchlari
Yevropa Ittifoqi yong‘inni o‘chirish ishlariga ko‘maklashish uchun Kipr va Shvetsiyadan to‘rtta suv tashlovchi samolyot hamda 100 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchini Fransiyaning Perpinyan shahri yaqinidagi Trevilyak hududiga yubordi.
Minglab gektar maydon kulga aylandi
Yong‘in oqibatida 16 kishi, jumladan to‘rt nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgan. Olov Fransiya Pireneylari etaklaridagi qariyb 4,6 ming gektar maydonni kulga aylantirdi. May va iyun oylaridagi erta yoz issiq to‘lqinlari yerlarni quritib yuborgani sababli bu yil hududlar o‘rmon yong‘inlariga yanada moyil bo‘lib qolgan.

«Tur de Frans» yo‘nalishi ham cheklovlarga duch keldi
Yong‘in «Tur de Frans» velopoygasining uchinchi bosqichi o‘tadigan hudud yaqinida sodir bo‘lgani sababli tomoshabinlar uchun ayrim yo‘llar yopildi. Musobaqaga hamrohlik qiluvchi transport vositalari soni ham kamaytirildi. Poyganing mazkur bosqichi Ispaniyaning Granolyers shahridan boshlanib, Fransiyaning Pireney-Oriental mintaqasidagi Lez Angl shahrida yakunlanadi.
Ispaniya va Portugaliyada ham yong‘inlar
Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa global o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravar tez isimoqda. Shu hafta Fransiyaning janubi-g‘arbiy qismida havo harorati yana 40 daraja Selsiygacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Portugaliya va Ispaniyada ham navbatdagi issiq to‘lqini kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Yevropada o‘rmon yong‘inlari avj olgani, oqibatda minglab gektar maydonlar kulga aylangani haqida yozgan edik.