
Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikka tushib ketgan 3 nafar fuqaroni tuproq bosib qoldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati ma’lum qildi.
7-iyul kuni soat 04:22 da Navoiy viloyatining Xatirchi tumani «Angidon» MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida 4 nafar fuqaro noqonuniy oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan. Jarayonda ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan.

Hodisa vaqtida tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan. Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelguniga qadar mahalliy fuqarolar hamda hodisa haqida xabar bergan shaxs tomonidan chuqurlikdagi bir nafar fuqaro chiqarib olingan.
Shundan so‘ng FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkor yetib kelib, tuproq ostida qolib ketgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarib oldi. Qutqarilgan fuqarolar zarur tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasasiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganchda qurilish vaqtida fuqaroni tuproq bosib qolgan edi.