Yangiliklar

Prezident Belarusga rasmiy tashrif bilan boradi

Minsk shahrida ikki davlat rahbarlari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi
Mirziyoyev
Prezident Belarusga rasmiy tashrif bilan boradi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko taklifiga binoan 8-9-iyul kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrif amalga oshiradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, Minsk shahrida ikki davlat rahbarlari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat hamda iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi. Sammit yakunlari bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Gruziya prezidentlari qator masalalarni muhokama qilgani haqida yozgan edik.