
Qoraqalpog‘iston va Pokistonning Panjob provinsiyasi qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov hamda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Lohor shahriga tashrif doirasida Panjob provinsiyasi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik vaziri Said Husayn Kirman bilan uchrashdi.
Muzokaralarda Pokiston tomoni Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanayotgani, davlat rahbarlari belgilagan vazifalarni amaliy mazmun bilan boyitishda hududlararo hamkorlik muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston va Panjob o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy hamda agrar sohalardagi aloqalarni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Pokiston tomoni ushbu sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini shakllantirish va amaliy hamkorlikni jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama qo‘shma ishchi guruh tuzishni taklif etdi.
Shuningdek, tirik nasldor chorva mollarini O‘zbekistonga eksport qilish, kartoshka va paxta urug‘chiligini rivojlantirish, seleksiya ishlarini takomillashtirish, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish hamda ilg‘or agrar texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda tuzni chuqur qayta ishlash korxonasi qurilishi haqida yozgan edik.