
Qozog‘iston olma importini vaqtincha taqiqlash loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Tegishli buyruq loyihasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Ochiq normativ-huquqiy hujjatlar portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, cheklov 2026-yil 1-avgustdan 31-dekabrgacha amal qilishi mumkin. Taqiq olmani avtomobil, temiryo‘l va suv transporti orqali olib kirishga nisbatan qo‘llanadi. U Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari hamda uchinchi mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga taalluqli bo‘ladi.
Shu bilan birga, cheklov Qozog‘iston hududi orqali tranzit tashuvlarga hamda YEOII mamlakatlari o‘rtasida respublika orqali amalga oshiriladigan olma yetkazib berishlarga tatbiq etilmaydi.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu choradan maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va Qozog‘istonda yetishtirilgan mahsulotlarning barqaror sotilishini ta’minlashdir. Qishloq xo‘jaligi vazirligi taqiq salbiy ijtimoiy-iqtisodiy yoki huquqiy oqibatlarga olib kelmasligini bildirmoqda.
Hozirda loyiha jamoatchilik muhokamasi bosqichida turibdi. Muhokama 8-iyulgacha davom etadi. Agar hujjat qabul qilinsa, import cheklovlari 1-avgustdan kuchga kiradi. Shunga o‘xshash choralar 2024-yilda ham qo‘llangan, biroq o‘shanda taqiq YEOIIga a’zo davlatlardan olma olib kirishga taalluqli bo‘lmagan.

O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi
Qozog‘istonning import olmaga vaqtincha taqiq qo‘yish taklifi O‘zbekiston eksportchilari uchun sezilarli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Chunki Qozog‘iston O‘zbekiston olmasi uchun asosiy bozorlardan biri hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasining 2025-yil yanvar–avgust oylariga oid ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston sakkiz oyda xorijga 22,6 ming tonna olma eksport qilgan bo‘lsa, shundan 10 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonning O‘zbekiston olma eksportidagi ulushi juda yuqori ekanini anglatadi. O‘tgan yilning dastlabki sakkiz oyida Rossiyadan keyin eng yirik xaridor aynan Qozog‘iston bo‘lgan. Shu bois import cheklovi kuchga kirsa, o‘zbekistonlik eksportchilar qisqa muddatda mahsulot sotish yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarga yetgani haqida yozgan edi.