
Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqayevga kelgusi prezidentlik saylovlarida yana nomzod bo‘lish imkonini beradi. Bu haqda mamlakat Konstitutsiyaviy sudi bergan rasmiy izohda ma’lum qilindi.
Sud tushuntirishiga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan keyin prezident lavozimiga saylanish yoki tayinlanish birinchi muddat sifatida hisoblanadi. Bunda shaxsning avval, 1995-yilgi Konstitutsiya amal qilgan davrda mazkur lavozimni egallagani to‘sqinlik qilmaydi.
«Shaxsning 1995-yilgi Konstitutsiya amal qilgan davrda ko‘rsatilgan lavozimlardan birini egallagani Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyin uning saylanishi yoki tayinlanishiga o‘z-o‘zidan to‘sqinlik qilmaydi», – deyiladi asosiy qonunga berilgan izohda.
Shu tariqa Qasim-Jomart Toqayev yangi konstitutsiyaviy tartib doirasida keyingi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkin.
Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi referendumda qatnashgan fuqarolarning 87,15 foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va 2026-yil 1-iyuldan kuchga kirgan.
Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston olma importiga taqiq joriy etmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.