Sport

Salom nafaqa: Ronaldu Jahon chempionatini ko‘z yoshlar bilan tark etdi

Jahon chempionati uning faoliyatida qo‘lga kirita olmagan yagona yirik sovrin bo‘lib qoldi
Krishtianu Ronaldu Jahon chempionatlari bilan ko‘z yoshlar ichida xayrlashdi
Foto: Justin Setterfield / Getty Images

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu futbol bo‘yicha Jahon chempionatlaridagi faoliyatini rasman yakunladi. Portugaliya 2026-yilgi mundialning 1/8 finalida Ispaniyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqani tark etdi.

So‘nggi mundial ham sovrinsiz yakunlandi

AQShning Dallas shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Biroq qo‘shimcha daqiqalarda ispaniyalik Mikel Merino g‘alaba golini urdi. Portugaliya qolgan vaqtda hisobni tenglashtira olmadi va turnirni tark etdi.

Uchrashuvdan so‘ng 41 yoshli Ronaldu ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Jahon chempionati uning faoliyatida qo‘lga kirita olmagan yagona yirik sovrin bo‘lib qoldi.

Olti mundialda tarixiy natija

2026-yilgi turnir boshlanishidan avval Ronaldu bu uning so‘nggi Jahon chempionati bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Musobaqa davomida u O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi bahsda ikkita gol urib, futbol tarixida ketma-ket olti Jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.

Shuningdek, Xorvatiyaga qarshi 1/16 finalda penalti tepish orqali Jahon chempionatlari pley-off bosqichidagi ilk golini ham urdi.

Jahon chempionatlaridagi statistikasi

Ronaldu mundiallardagi faoliyati davomida:

  • 6 ta Jahon chempionatida ishtirok etdi;
  • 27 ta uchrashuv o’tkazdi;
  • 11 ta gol urdi;
  • 2 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Shunga qaramay, u hech qachon Jahon chempioni bo‘la olmadi, shuningdek, turnirning eng yaxshi futbolchisi yoki eng yaxshi to‘purari sovrinini ham qo‘lga kirita olmadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.