Avto

150 dollar boshlang‘ich to‘lov evaziga qanday Chevrolet avtomobillarini olish mumkin — infografika

Rasmiylashtirish jarayoni bir ish kuni ichida yakunlanadi
Sergeli bozorida 150 dollar boshlang‘ich to‘lovga qanday Chevrolet avtomobillari beradi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkentdagi Sergeli avtomobil bozorida sotuvchilar ayrim Chevrolet avtomobillarini juda kam boshlang‘ich to‘lov evaziga bo‘lib to‘lash asosida taklif qilmoqda. Kursiv Uzbekistan muxbiri mavjud takliflarni o‘rganib, xaridorlar uchun qanday shartlar amal qilayotganini aniqladi.

Chevrolet Gentra

Eng hamyonbop variantlardan biri 2022-yilda ishlab chiqarilgan, metan gaz uskunasi o‘rnatilgan Chevrolet Gentra bo‘ldi. Ushbu avtomobilni rasmiylashtirish uchun xaridor 150–$600 miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirsa kifoya.

Shundan so‘ng avtomobilni o‘sha kunning o‘zida olib ketish mumkin. Agar bo‘lib to‘lash muddati 5 yil etib belgilansa, oylik to‘lov taxminan 3,98 mln so‘mni, 4 yilga rasmiylashtirilganda 4,5 mln so‘mni, 3 yil muddat tanlanganda esa 5,19 mln so‘mni tashkil etadi.

Chevrolet Cobalt

Yana bir taklif 2023-yilda ishlab chiqarilgan, gaz uskunasi o‘rnatilgan Chevrolet Cobalt bo‘lib, uni xarid qilish uchun kamida $300 miqdorida boshlang‘ich to‘lov talab etiladi. Ushbu avtomobilni 5 yil muddatga bo‘lib to‘lashda oylik to‘lov taxminan 4,26 mln so‘mni, 4 yil muddatga esa 4,51 mln so‘mni tashkil qiladi.

Foto: Andrey Matochenko / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Lacetti

Sergeli avtomobil bozorida 2023-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Lacetti ham bo‘lib to‘lash asosida sotilmoqda. Uni xarid qilish uchun $400 miqdorida boshlang‘ich to‘lov to‘lanadi. Shundan keyin 5 yil muddatga rasmiylashtirilganda oyiga 4,49 mln so‘m, 4 yil muddatga 5 mln so‘m, 3 yil muddatga esa 5,9 mln so‘m to‘lash talab etiladi.

Rasmiylashtirish jarayoni

Sotuvchilarning aytishicha, avtomobillarning aksariyatini bo‘lib to‘lash asosida rasmiylashtirish bir ish kuni ichida yakunlanadi. Buning uchun xaridor zarur hujjatlarni taqdim etishi, bank tekshiruvidan o‘tishi va shartnomani imzolashi lozim.

Avtomobil darhol xaridor nomiga rasmiylashtiriladi, biroq kredit to‘liq so‘ndirilguniga qadar u bank uchun garov sifatida qoladi.

Shuni ham inobatga olish kerakki, juda kam boshlang‘ich to‘lov evaziga avtomobil xarid qilish imkoniyati xaridorga katta mablag‘ni birdaniga to‘lamaslik imkonini beradi. Biroq barcha oylik to‘lovlar yakunida avtomobilning umumiy qiymati uning bozor narxidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Sergelidagi bozorda foydalanilgan Chevrolet avtomobillar narxi haqida yozgan edik.