
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish va sotish uchun ma’muriy jarimalarni oshirish nazarda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjat deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Qanday o‘zgarishlar kiritilmoqda
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, yakuniy iste’mol muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan mahsulotlarni ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish uchun qabul qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Qonun nimaga xizmat qiladi
Qonun loyihasi iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddatiga oid talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda aholi salomatligi va hayotiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iste’molchilar qonunan qanday huquqlarga ega ekanligi haqida yozgan edik.