
Hukumat tomonidan ro‘yxatga olinmagan qurol va unga tegishli xavfli ashyolarni ixtiyoriy topshirish tartibi hamda rag‘batlantirish mexanizmi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs rahbari ro‘yxatga olinmagan qurol, uning o‘q-dorilari, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ixtiyoriy ravishda topshirishga qaror qilsa hamda bu haqda ichki ishlar organlariga og‘zaki yoki yozma murojaat qilsa, mazkur ashyo o‘z ixtiyori bilan topshirilgan hisoblanadi. Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organiga murojaat qiladi.
Topshirilayotgan qurol qismlarga ajratilgan, patronlari chiqarib olingan bo‘lishi, shuningdek, qurol, o‘q-dorilar va qurolning asosiy qismlari begona shaxslarning ko‘rish imkoniyatini istisno qiladigan o‘ramga joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
1-jadval. 1-toifadagi o‘qotar qurollar
| Qurol va o‘q-dorilar turi | Mukofot (BHM) |
|---|---|
| Kalibri 5,6 mm bo‘lgan so‘qli stvolli qurol (kombinatsiyalangan qurol) | 15 baravar (6 180 000 so‘m) |
| Kalibri 5,6 mm dan yuqori bo‘lgan so‘qli stvolli qurol (kombinatsiyalangan qurol) | 50 baravar (20 600 000 so‘m) |
| Silliq stvolli o‘qotar qurol | 10 baravar (4 120 000 so‘m) |
| Stvolsiz o‘qotar qurol | 8 baravar (3 296 000 so‘m) |
| 5,6 mm kalibrli patron | 0,01 baravar (4 120 so‘m) |
| 5,6 mm dan yuqori kalibrli patron | 0,08 baravar (32 960 so‘m) |
| Silliq stvolli qurol patroni | 0,03 baravar (12 360 so‘m) |
2-jadval. 2-toifadagi o‘qotar qurollar
| Qurol turi | Mukofot (BHM) |
|---|---|
| Kalibri 5,6 mm bo‘lgan so‘qli stvolli qurol (kombinatsiyalangan qurol) | 10 baravar (4 120 000 so‘m) |
| Kalibri 5,6 mm dan yuqori bo‘lgan so‘qli stvolli qurol (kombinatsiyalangan qurol) | 20 baravar (8 240 000 so‘m) |
| Silliq stvolli o‘qotar qurol | 6 baravar (2 472 000 so‘m) |
| Stvolsiz o‘qotar qurol | 5 baravar (2 060 000 so‘m) |
Izoh: O‘qotar qurol va uning patronlari toifasi tegishliligi bo‘yicha mintaqaviy texnik komissiya tomonidan belgilanadi. 1 va 2-toifalarga kiritilmagan o‘qotar qurol uchun 2-toifadagi qurolga belgilangan summaning yarmi to‘lanadi. 1-toifaga kiritilmagan o‘qotar qurol patronlari uchun belgilangan summaning yarmi to‘lanadi.
3-jadval. O‘qotar qurol bo‘lmagan qurol turlari
| Qurol turi | Mukofot (BHM) |
|---|---|
| Sobiq SSSRda ishlab chiqarilgan mexanik pnevmatik qurol | 0,9 baravar (370 800 so‘m) |
| Mexanik pnevmatik qurol | 8 baravar (3 296 000 so‘m) |
| Boshqa turdagi pnevmatik qurol | 15 baravar (6 180 000 so‘m) |
| Tigli sovuq qurol va uloqtirish qurollari | 4 baravar (1 648 000 so‘m) |
| Elektroshok qurilmalari va shunga o‘xshash vositalar | 3 baravar (1 236 000 so‘m) |
| Signal beruvchi qurol | 2,5 baravar (1 030 000 so‘m) |
| Gazli qurol va gaz purkagichlar | 0,15 baravar (61 800 so‘m) |
Izoh: Gazni purkaydigan qurol o‘qotar qurol emas deb topilgan taqdirda, belgilangan summaning yarmi to‘lanadi.
Ma’lumot uchun, jadvalda keltirilgan mukofot summalari amaldagi BHM — 412 ming so‘m asosida hisoblangan. 2026-yil 1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m etib belgilanishi munosabati bilan mukofot pullari ham shunga mos ravishda oshadi.
Hududiy texnik komissiya taqdim etilgan ashyolar yuzasidan pul mukofoti bilan taqdirlash yoki rad etish, shuningdek, o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini imtiyozli sotib olish huquqini berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning o‘q-dorilari uchun pul mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari asosida beriladi. Pul mukofoti miqdorlari esa mazkur qarorga ilova qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ikki fuqaro 22 ta qurol va 298 ta o‘q-dori topshirgani haqida yozgan edik.