Sport

Abduqodir Husanov faoliyatini Rossiyada davom ettirishi mumkin edi — agenti

Abduqodir Husanovga «Siti»dan oldin 4 ta top-klub qiziqqan
Foto: Instgaram / Husanov

Abduqodir Husanovga «Manchester Siti»ga o‘tishidan oldin Angliyaning «Nyukasl», «Tottenhem» va «Chelsi» klublari, shuningdek, Fransiyaning «PSJ» jamoasi qiziqqan. Bu haqda Championat.Asia nashri xabar bermoqda.

Futbolchining agenti G‘ayrat Hasbiullinning aytishicha, aniq va jiddiy muzokara faqat «Nyukasl» bilan olib borilgan. Agent «Nyukasl» rahbariyati Husanovni o‘z safiga qo‘shib olishni juda istaganini, tomonlar o‘rtasida yaxshi aloqa o‘rnatilganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, yakunda o‘zbekistonlik himoyachi «Manchester Siti» variantini tanlagan.

Husanovning Yevropaga yo‘li esa Fransiyaning «Lans» klubidan boshlangan. Klub skauti 2023-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida uni kuzatib, bosh murabbiyga tavsiya qilgan. Shundan so‘ng «Lans» futbolchini tezda transfer qilgan.

Bungacha Rossiyaning «Sochi» va «Alaniya» klublari ham Husanovga qiziqish bildirgan. Unga Rossiyada katta maosh taklif qilingan, biroq futbolchi boshidan Yevropaning kuchli ligalarida o‘ynashni maqsad qilgan va RPL variantlarini rad etgan.

Agentning ta’kidlashicha, aynan shu qaror Husanovning avval «Lans», keyin esa «Manchester Siti»gacha yetib borishiga yo‘l ochgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Murodjon Ahmadaliyev Abbosbek Fayzullayev to‘yidan rasm joylagani haqida yozgan edi.