Yangiliklar

Alkogol, tamaki va elektron sigaret: yashirin bozor qanday jilovlanmoqda

Bugungi kunda sohada 12,7 mingta subyekt faoliyat yuritmoqda
Alkogol va tamaki mahsulotlari bozori qanday tartibga solinmoqda: raqamlar va rejalar
Foto: Kursiv Uzbekistan / Andrey Matochenko

O‘zbekistonda alkogol, tamaki va elektron sigaret bozorini tartibga solish, yashirin aylanmaga qarshi kurashish hamda sohada raqamli nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tizimli choralar amalga oshirilmoqda. Masalan, 6 oy davomida 185 ta holatda 4,2 mlrd so‘mlik 58 ming 403 quti nikotinli snyus mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi oldi olingan. Kursiv Uzbekistan soha bozorini tahlil qildi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Bojxonachilar 48,5 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlarini noqonuniy aylanmadan oldi

O‘zbekiston bojxonachilari joriy yilning 6 oyida tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib kirish va ichki hududlarda muomalaga kiritish bilan bog‘liq 759 ta holatga chek qo‘ydi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi  Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Husan Tangriyev / Foto: Instagram

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar ancha miqdorda yoki ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

«Raqamlarga ko‘ra, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasi orqali noqonuniy ravishda olib kirish va ichki hududlarda muomalaga kiritish bilan bog‘liq 759 ta holatga chek qo‘yilgan. Natijada qiymati 48,5 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari olib qo‘yilgan”, — deya qayd etdi Tangriyev.

Shuningdek, 185 ta holatda 4,2 mlrd so‘mlik 58 ming 403 quti nikotinli snyus mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi oldi olingan. Mazkur holatlarning 140 tasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuritilib, sud organlariga yuborilgan. 20 ta holatda Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi, yana 2 ta holatda esa 182-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Tahlillarga ko‘ra, nikotinli paketlar, ya’ni snyuslarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishga urinishlarning asosiy qismi Toshkent xalqaro aeroportida qayd etilmoqda. Yil boshidan buyon poytaxt aeroportida aniqlangan 122 ta holatda 27,5 ming qutidan ortiq nikotinli snyusni olib kirishga urinish to‘xtatib qolingan.

Tamaki va alkogol bozori qanday jilovlanmoqda

Qonuniy biznes

Ammo sohada qonuniy ishlayotgan biznes subyektlari ham bor. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi matbuot kotibi Dilrabo Kuryazovaning qayd etishicha, 2025-yilda 5,6 trln so‘m aksiz solig‘i undirilgan (alkogoldan 2,5 trln va tamakidan 3,1 trln). Bu avvalgi yilga nisbatan 6 foizga yoki 305 mlrd so‘mga ko‘pdir.

2025-yilda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar–may oylarida aksiz solig‘idan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p undirilgan.

Tamaki mahsulotlarining xufiyona aylanmasi esa sezilarli qisqargan. Xususan, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 19,6 foizdan 11,1 foizga tushirilgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 7 foizgacha pasayishiga erishilgan.

Bugungi kunda sohada 12,7 mingta subyekt faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol, 17 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, 345 ta korxona ulgurji savdo, 12,3 mingta korxona esa chakana savdo yo‘nalishida ishlamoqda.

Litsenziyalash va standartlashtirish kuchaytirildi

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/07/video_2026-07-02_12-10-44.mp4
Video: Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi

Sohani rivojlantirish va tartibga solish maqsadida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashabbusi bilan 3 ta hukumat qarori qabul qilindi, 3 ta qonun hamda 16 ta qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ishlab chiqarishda xalqaro standartlarni joriy qilish uchun 5 ta yangi standart ishlab chiqildi.

Yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 729 ta texnologik yo‘riqnoma tasdiqlandi. Litsenziyalashga oid 267 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Natijada sohaga yangi kirib kelgan 9 ta alkogol, 2 ta tamaki ishlab chiqaruvchi hamda 44 ta ulgurji savdo korxonasiga litsenziya berildi.

«46 ta yangi omborxona uchun ruxsatnoma rasmiylashtirildi. Birja orqali spirt xarid qilish uchun 33 ta subyektga ruxsatnoma berilib, ishlab chiqarish liniyalaridagi 2,6 mingta elektron hisoblagich muhrlandi», — deya qayd etdi Kuryazova brifingda.

Bozorda raqamli nazorat tizimi joriy etilmoqda

Sohaga mahsulotlar aylanmasini nazorat qilish imkonini beruvchi «ISAT» axborot tizimi yaratildi.

Mazkur tizim ishlab chiqarish jarayonida xomashyo, energiya va boshqa resurslar sarfini, mahsulotlarning raqamli markirovka orqali realizatsiya qilinishini, litsenziya talablariga rioya etilishini hamda spirt tashuvchi transport vositalari harakatiga oid ma’lumotlarni avtomatik tahlil qiladi. Shu orqali xavflarni aniqlash imkoniyati yaratilmoqda.

«ISAT» tizimi adliya, soliq, bojxona, kadastr, «Asl belgisi», UzGPS, tovar-xomashyo birjasi, elektr va gaz ta’minoti idoralari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi subyektlarning elektron hisoblagichlari, videokuzatuv uskunalari va spirt tashuvchi transport vositalaridagi GPS trekerlardan real vaqt rejimida ma’lumot olish yo‘lga qo‘yilgan.

Qilingan ishlar sarhisobi

Infografika: Kursiv Uzbekistan / Andrey Matochenko

Noqonuniy aylanmadan 165 mlrd so‘mlik mahsulot olindi

Yashirin aylanmaga qarshi kurashish yo‘nalishida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi Departament bilan hamkorlikda tezkor va nazorat tadbirlarini o‘tkazdi. Natijada jami 3,1 mingta noqonuniy faoliyatga barham berilgan.

Iste’molga yaroqsiz hamda inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan 76 mlrd so‘mlik alkogol va 89 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari muomaladan olindi. Umumiy hisobda noqonuniy aylanmadan chiqarilgan mahsulotlar qiymati 165 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Birja savdolari orqali sotilayotgan spirtning maqsadli ishlatilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatilgan. Korxonalarga realizatsiya qilingan 8,1 mln dekalitr spirtning maqsadli ishlatilishi joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Litsenziya talablariga rioya etilishi yuzasidan 15 ta alkogol, 11 ta ulgurji savdo va 3 ta spirt ishlab chiqaruvchi — jami 29 ta korxonada tekshiruvlar o‘tkazildi. Belgilangan talablarga rioya qilmagan 21 ta korxonaga nisbatan 8 mlrd so‘m moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Infografika: Kursiv Uzbekistan

Aksiz tushumlari 6 foizga oshdi

2025-yilda alkogol mahsulotlaridan 2,5 trln so‘m, tamaki mahsulotlaridan esa 3,1 trln so‘m aksiz solig‘i undirildi. Umumiy tushum 5,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Bu avvalgi yilga nisbatan 6 foizga yoki 305 mlrd so‘mga ko‘pdir. Shu bilan birga, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar–may oylarida aksiz solig‘idan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p undirilgan.

Tamaki mahsulotlarining xufiyona aylanmasi esa sezilarli qisqargan. Xususan, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 19,6 foizdan 11,1 foizga tushirilgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 7 foizgacha pasayishiga erishilgan.

Yashirin iqtisodiyot qanchalik zarar

Iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulovning fikricha, alkogol va tamaki bozorida xufiyona iqtisodiyotning yuqoriligi soliq yukining og‘irligi bilan emas, asosan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va noqonuniy aylanmani nazorat organlaridan yashirish bilan izohlanadi. Uning ta’kidlashicha, aksiz solig‘i stavkalari yuqori bo‘lsa-da, bu soliqni ishlab chiqaruvchilar emas, yakunda iste’molchilar to‘laydi.

To‘lqin Boboqulov / Manba: «Vatandosh» TV/ You Tube

«Ushbu bozorda katta miqdordagi noqonuniy aylanma mavjud. Yashirin aylanma qisqarsa, budjet tushumlari kamida 30 foizga oshadi», — deydi Boboqulov.

Boboqulovning fikricha, noqonuniy alkogol va tamaki aylanmasi ustidan nazorat qat’iy bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, hukumatda aksiz stavkalarini pasaytirish orqali legal mahsulotlar narxini tushirish imkoniyati ham mavjud.

Avvalroq «Kursiv» nikotinli pauchlar taqiqi mavjud bo‘lsa-da, savdoda faolligi haqida yozgan edi. Tahririyat o‘tkazgan surishtiruv nikotinli mahsulotlar bozorida nazorat yanada kuchaytirish kerakligini ko‘rsatmoqda. Chunki, sotuvchilar qonuniy cheklovlarga qaramasdan, xaridorlarning yoshini so‘ramay naqd to‘lov usulida sotmoqda.