Yangiliklar

Andijonda 12 nafar elektr tarmog‘i xodimiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda
Andijonda 12 nafar elektr tarmog‘i xodimiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi / Foto: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ

Andijonda elektr hisoblagichlari bilan bog‘liq qonunbuzilishlar yuzasidan 12 nafar elektr tarmog‘i xodimga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ma’lum qildi.

Tekshiruvlar davomida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Andijon filialida iste’molchilarga elektr hisoblagichlarini o‘rnatish jarayonida qonunbuzilish holatlari hamda hisoblagichlar kamomadi aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda xabar berildi.

Natijada qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan korxonaning 12 nafar xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Samarqand shahar bo‘linmasida elektr hisoblagichlari iste’molchilarga jamiyat mablag‘lari hisobidan noqonuniy ravishda o‘rnatilgani aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplash ishlari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 800 dollar olgan mehnat inspektori fosh etilgani haqida yozgan edik.