
O‘zbekistonda jarima maydonchalariga olib kelingan avtomobillarni qabul qilish, saqlash va chiqarish jarayonlari raqamlashtiriladi. Transport vositasini olib chiqish elektron tizimdagi ruxsat asosida amalga oshiriladi, to‘lovlarni esa yagona QR kod orqali bajarish imkoniyati yaratiladi.
Jarima maydonchalari elektron tizimga ulanadi
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, transport vositalarini vaqtincha saqlash joylaridagi jarayonlar «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali yuritiladi.
Tizimda jarima maydonchasiga olib kelingan avtomobillar hisobi, ko‘rsatilgan xizmatlar soni va amalga oshirilgan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar qayd etiladi.
Avtomobil elektron ruxsatsiz chiqarilmaydi
Jarima maydonchasidagi avtomobilni chiqarishga ruxsat beruvchi maxsus elektron ma’lumotnoma soliq organlarining axborot tizimiga kiritilishi kerak.
Jarima maydonchasi tizimi soliq organlari bazasiga ulanmagan yoki transport vositasini chiqarish bo‘yicha elektron ruxsat shakllanmagan bo‘lsa, avtomobilni olib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘lovlar yagona QR kod orqali amalga oshiriladi
Qarorda bozorlar va savdo majmualari hududidagi vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari onlayn nazorat-kassa texnikalari bilan ta’minlanadi yoki onlayn to‘lovlar uchun QR kodli yorliqlar o‘rnatiladi.
Davlat raqamini aniqlovchi kameralar o‘rnatiladi
Jarima maydonchalari va avtomobil saqlash joylariga kirib-chiqish «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali nazorat qilinadi.
Buning uchun avtomobilning davlat raqamini avtomatik aniqlaydigan kameralar va boshqa texnik vositalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi
Dastlab qarorda ko‘rsatilgan bozorlar, savdo majmualari va ularga tutash avtoturargohlar 2026-yil 1-sentyabrga qadar to‘liq raqamlashtiriladi.
Keyinchalik ushbu tartib boshqa bozorlar, savdo majmualari, avtoturargohlar va transport vositalarini saqlash joylariga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «E-bozor» yagona raqamli platformasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. «E-bozor» platformasi orqali bozorlar va savdo komplekslarining pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari hamda savdo o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi.