Yangiliklar

Bog‘chaga imtiyozli navbat olish onlayn shaklga o‘tkazildi

my.gov.uz portali orqali
Bog‘chaga imtiyozli navbat olish onlayn shaklga o‘tkazildi
Foto: talimxabarlari.uz

Endilikda farzandini davlat bog‘chasiga imtiyozli navbat asosida joylashtirmoqchi bo‘lgan ota-onalar barcha jarayonlarni my.gov.uz portali orqali masofadan turib amalga oshirishi mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.

Hujjat yig‘ish talab etilmaydi

Yangi tizim orqali fuqarolar turli idoralarga borib ma’lumotnoma va hujjatlar yig‘ishdan ozod etiladi. Ariza topshirishda foydalanuvchi o‘ziga tegishli imtiyoz toifasini tanlaydi, qolgan ma’lumotlar esa vazirlik va idoralarning axborot bazalari orqali avtomatik tekshiriladi.

Kimlar imtiyozli navbatdan foydalanishi mumkin

Imtiyozli navbat huquqi harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, «Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz ayollar farzandlari, kam ta’minlangan oilalar bolalari hamda boshqa bir qator ijtimoiy toifalarga beriladi.

Shuningdek, talabalarning farzandlari, pedagoglar bolalari, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari va to‘rt hamda undan ortiq farzandi bor oilalar bolalari ham ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Ariza qanday yuboriladi

Buning uchun fuqaro my.gov.uz portali yoki mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tib, «Bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish» xizmatini tanlashi kerak. Shundan so‘ng zarur ma’lumotlar kiritilib, bog‘cha va imtiyoz turi belgilanadi hamda ariza elektron tarzda yuboriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolalar oromgohlari yo‘llanmasining 50 foizi davlat tomonidan qoplanishi haqida yozgandi.