
Chirchiq shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish loyihasi doirasida 35 ta yangi «Ankay» rusumidagi avtobus aholi xizmatiga topshirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur loyiha «Ziyotrans» MChJ tomonidan amalga oshirildi. Birinchi bosqichda shaharga zamonaviy va ekologik toza 35 ta avtobus olib kelindi. Yil yakuniga qadar ularning umumiy sonini 70 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi avtobuslar dastlab uchta yo‘nalishda qatnovni boshlaydi. Ular Bo‘ston sanatoriysidan Yangi O‘zbekiston massividagi 5-maktabgacha ta’lim tashkilotigacha, Bo‘ston sanatoriysidan 3-kichik nohiyagacha hamda Muruvvat mahallasidan Ozodbosh qishlog‘igacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Keyingi bosqichda shaharda yana ikkita yangi avtobus yo‘nalishini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» Xorazmga 10 ta yangi avlod gibrid trolleybus olib kelingani haqida yozgan edi.