Yangiliklar

Donald Tramp Ispaniya bilan savdoni to‘xtatishni buyurdi

U Ispaniyani "yomon hamkor" deb atadi
Donald Tramp Ispaniya bilan savdoni to‘xtatishni buyurdi / Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp NATOning Anqaradagi sammiti chog‘ida Moliya vaziri Skott Bessentga Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.

Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan suhbatda Ispaniyani «yomon hamkor» deb atab, mamlakat AQSh bilan savdodan katta foyda olayotganini, biroq bu holat o‘zgarishini ta’kidladi.

Trampning e’tirozlari nimalarga qaratilgan

AQSh prezidenti, shuningdek, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning AQShga Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiyalar uchun mamlakat havo hududi va harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermaganidan ham noroziligini bildirdi.

Sammit davomida Tramp yana Daniya ustidan bosimni kuchaytirib, Grenlandiya AQSh nazoratida bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrini takrorladi. Daniya esa o‘z hududining har bir qarichini himoya qilishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Ispaniya hukumati qanday javob berdi

Ispaniya hukumati Trampning bayonotlarini odatiy siyosiy chiqish sifatida baholadi va Vashington bilan mavjud «a’lo darajadagi» munosabatlarni o‘zgartirish niyati yo‘qligini bildirdi.

Rasmiy Madrid AQSh bilan savdo balansida kamomadga ega ekanini, shuningdek, Yevropa Ittifoqining bojxona va savdo ittifoqi qoidalariga ko‘ra alohida a’zo davlatlar mustaqil ravishda savdo muzokaralarini olib bora olmasligini eslatdi.

Foto: Getty Images

Savdo cheklovlarini joriy etish osonmi

Mutaxassislar fikricha, AQShning faqat Ispaniyaga nisbatan savdo cheklovlarini joriy etishi huquqiy jihatdan murakkab hisoblanadi. Buning uchun prezident milliy favqulodda holat e’lon qilishi va Ispaniya AQSh milliy xavfsizligi, tashqi siyosati yoki iqtisodiyotiga tahdid solayotganini asoslab berishi talab etiladi.

Investorlar Ispaniyaga ishonchini saqlab qolmoqda

Trampning bayonotlariga qaramay, yirik AQSh investorlarining Ispaniyaga qiziqishi saqlanib qolmoqda. Xususan, dunyodagi eng yirik aktivlarni boshqaruvchi kompaniya BlackRock o‘zining yarim yillik hisobotida Ispaniyani aksiyalarga sarmoya kiritish uchun eng istiqbolli mamlakat sifatida baholadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp memkoini millionga yaqin investorni «minusga tiqqani» haqida yozgan edik.