Yangiliklar

Tramp Turkiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi

Trampning bu tashabbusi Kongressda qarshilikka uchrashi mumkin
Donald Tramp Turkiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi / Foto: Reuters

Donald Tramp Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini sotib olgani sabab qo‘llangan AQSh sanksiyalarini olib tashlashini ma’lum qildi. U bu qarorni do‘st davlatga nisbatan cheklovlarni saqlab qolishni istamasligi bilan izohladi, deya yozmoqda Reuters.

AQSh prezidenti Turkiya bilan munosabatlar hozir har qachongidan ham yaxshiroq ekanini aytib, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan yaxshi aloqaga ega ekanini ta’kidladi.

Foto: Reuters

F-35 bo‘yicha muzokaralar

Tramp Turkiyaga F-35 yashirin texnologiyali qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishini bildirdi. U Turkiyani ko‘plab davlatlarga qaraganda sodiqroq ittifoqchi deb atadi.

Erdo‘g‘on esa Anqara F-35 masalasida ijobiy natija kutayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, avval AQSh bilan bu yo‘nalishda muzokaralar o‘tkazilgan va beshta samolyot yetkazib berish va’dasi berilgan.

Foto: Reuters

Kongress qarshiligi

Turkiyaning 2019-yilda Rossiyaning S-400 tizimini xarid qilishi ortidan AQSh 2020-yilda Turkiyaning mudofaa kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilgan va mamlakatni F-35 dasturidan chiqargan.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Turkiya S-400 tizimiga ega bo‘lib turgan vaqtida F-35 dasturiga qayta olmaydi. Shu sababli Trampning tashabbusi Kongressda qarshilikka uchrashi mumkin.

Ayrim amerikalik qonunchilar Turkiyaga F-35 sotilishidan xavotir bildirgan. Ular Rossiya qurollari, Anqaraning Eron bilan munosabatlari va ayrim siyosiy bayonotlarini sabab sifatida ko‘rsatgan.

Foto: Reuters

S-400 tizimini uchinchi davlatga berish varianti

Avvalroq, Turkiyaning F-35 dasturiga qaytishi uchun S-400 tizimini uchinchi davlatga topshirish varianti muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi. Biroq bu borada hali yakuniy kelishuv mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Ispaniya bilan savdoni to‘xtatishni buyurgani haqida yozgan edik.