
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilik guvohnomasi va transport vositasiga oid boshqa hujjatlarni MyGov mobil ilovasi orqali ko‘rsatish mumkinligi haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchi yo‘l-patrul xizmati xodimiga tegishli hujjatlarning aslini taqdim etishi kerakligini bildirdi.
Ikki xil talqin fonida haydovchilarda bir savol paydo bo‘ldi: yo‘lda YPX xodimi to‘xtatganda telefondagi raqamli hujjat yetarlimi yoki hujjatning asl nusxasi ham bo‘lishi shartmi?
Bahs nimadan kelib chiqdi?
Muhokamaga sabab bo‘lgan talqin Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-son qaroriga bog‘lanmoqda. Undagi qoidaga ko‘ra, ayrim davlat organlari, banklar, notarial idoralar, ichki aviaqatnovlar va poyezdlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida raqamli servisda mavjud hujjatning qog‘oz nusxasi talab etilmasligi kerak.
Biroq bu norma haydovchining yo‘lda YPX xodimi bilan munosabatiga ham to‘liq tatbiq etiladimi, degan masalada turli qarashlar paydo bo‘lgan. Qarordagi «fuqarolarni qabul qilishda» degan jumla asosan fuqaro davlat organiga xizmat yoki murojaat bilan kelgan holatlarga taalluqli, degan talqin mavjud.
YPX xodimi esa yo‘lda haydovchini to‘xtatganda davlat xizmatini ko‘rsatayotgan xodim emas, balki yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishini tekshirayotgan vakolatli mansabdor shaxs sifatida harakat qiladi. Amaldagi nizomda YPX xodimiga transport vositasidan foydalanish va uni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar mavjudligini tekshirish vakolati berilgan.
Kodeksda nima deyilgan?
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq javobgarlikni belgilaydi.
Mazkur moddaga ko‘ra, haydovchining yonida ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasalari bergan biometrik pasport yoxud ID-karta bo‘lsa, undan haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi hujjat, avtomobildan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat va majburiy sug‘urta polisini alohida olib yurish talab qilinmaydi.
Bu qoida haydovchi barcha hujjatlarni uyda qoldirib, faqat telefondagi MyGov ilovasiga tayanishi mumkinligini anglatmaydi. Norma aynan haydovchining yonida biometrik pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lishini nazarda tutadi. Shundan so‘ng boshqa ma’lumotlar ichki ishlar organlarining elektron bazalari orqali tekshirilishi mumkin.
Amaldagi tartib bo‘yicha eng xavfsiz yo‘l — haydovchining yonida hech bo‘lmaganda biometrik pasport yoki ID-karta bo‘lishidir. MyGov ilovasidagi ma’lumotlar qo‘shimcha qulaylik yaratishi mumkin, biroq kodeks va maxsus nizomga aniq o‘zgartirish kiritilmaguncha, mobil ilovaning o‘zi jismoniy ID-karta yoki pasportning to‘liq o‘rnini bosadi, deb qat’iy xulosa qilish bahsli.
Qaysi hujjat ustun turadi?
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun normativ hujjatlarning turlari, o‘zaro nisbati va yuridik kuchini belgilaydi. Qonun va kodeks normalari Vazirlar Mahkamasi qarorlariga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega.
Shuning uchun hukumat qaroridagi umumiy raqamlashtirish qoidasi kodeksdagi maxsus talabni avtomatik ravishda bekor qilmaydi. Haydovchilik hujjatlarini faqat mobil ilova orqali ko‘rsatish tartibi to‘liq va shubhasiz ishlashi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda YPX bilan munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatlarga tegishli aniqlik kiritilishi lozim.
Avvalroq «Kursiv» «GAI» to‘xtatganda hujjatlarning elektron shaklini taqdim etib bo‘lmasligi haqida yozgan edi.