Yangiliklar

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb 7 mlrd dollarga kamaydi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-iyul holatiga $63,7 mlrdni tashkil qildi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 10 mln so‘mdan oshdi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-iyul holatiga $63,7 mlrdni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 1-iyunga nisbatan $6,9 mlrdga tushganini ko‘rsatadi.

«Oʻzbekistonning yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil iyun oyida $6,8 mlrdga kamaydi. Xususan, oy davomida oltin narxining $4,5 mingdan $4 minggacha tushishining ta’siri -$6,9 mlrdni tashkil etdi», – deyiladi regulyator izohida.

Tushish xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga ham yuz berdi. Ularning hajmi iyun oyidagi $8,6 mlrddan $7,4 mlrdga pasaydi. Naqd valyuta va depozitlar hajmi ham tushib, $5,7 mlrddan $4,6 mlrdga yetdi.

Markaziy bank hisobotidan ekran tasviri

Shu bilan birga, oltin zaxiralari ham pasaydi. Iyun oyida $61,4 mlrd bo‘lgan oltin qiymati iyul boshida $55,7 mlrdga tushdi. Biroq oltinning jismoniy hajmi 13,6 mlndan oshib, 13,9 mln unsiyaga yetdi.

Qimmatli qog‘ozlar hajmida biroz o‘sish qayd etildi. Ular $2,86 mlrdga yetdi. SDR ko‘rsatkichi tushib, $557 mlnni tashkil qildi.

Boshqa xorijiy valyutadagi aktivlar $118,2 mlndan $102,6 mlngacha pasaydi. Depozitlar va oltin kabi ayrim komponentlarda ham kichik o‘zgarishlar kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yil boshidan buyon 24 tonna oltin xarid qilib, dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagani xabar qilingandi. Natijada O‘zbekistonning umumiy oltin zaxiralari 414 tonnaga yaqinlashdi. Hozirda oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining 88 foizini tashkil qilmoqda.