
Sun’iy intellekt uchun xotira chiplariga talabning keskin oshishi Samsung’ning choraklik foydasini rekord darajaga olib chiqdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Rekord daromad qayd etildi
Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi 2026-yilning aprel–iyun oylarida operatsion foydasi 89,4 trillion von (taxminan $58,4 mlrd)ni tashkil etishini prognoz qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 19 baravar ko‘p bo‘lib, kompaniya uchun ketma-ket uchinchi rekord chorak natijasi hisoblanadi.
Shuningdek, kompaniya chorak davomida 171 trillion vonlik savdo hajmiga erishganini ma’lum qildi.
SI chiplariga talab o‘sishda davom etmoqda
Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun zarur bo‘lgan xotira chiplariga talab misli ko‘rilmagan darajada oshgan. Ishlab chiqarish hajmining cheklanganligi fonida talab taklifdan yuqori bo‘lib qolayotgani chiplar narxining ko‘tarilishiga olib kelmoqda.
Samsung dunyodagi eng yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, Nvidia, Google va boshqa texnologik kompaniyalarni chiplar bilan ta’minlaydi.
Investorlar kutganidan pastroq natija
Rekord foyda prognoziga qaramay, investorlar yanada yuqori natijalarni kutgani sabab Samsung aksiyalari Seul fond birjasida qariyb 7 foizga pasaydi. Shunga qaramay, kompaniyaning bozor qiymati yil boshidan buyon ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S27 Pro haqida yangi ma’lumotlarni yozgandi.