
«Surxon» davlat qo‘riqxonasida tashkil etilganidan buyon ilk marta jayronlar kuzatildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘riqxona hududiga Turkmanistondan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tgan.
Qayd etilishicha, 1986-yilda tashkil etilgan qo‘riqxona tarixida bu ilk bor jayronlarning hududda qayd etilishidir. Mutaxassislar buni qo‘riqxonada yaratilgan qulay tabiiy sharoitlar va ekotizimning yaxshilanishi bilan izohlamoqda.
Jayron O‘zbekistonda soni kamayib borayotgan noyob hayvonlardan biri bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, XX asrning birinchi yarmigacha jayronlar O‘zbekistonning qumli cho‘llari va tog‘oldi hududlarida keng tarqalgan bo‘lsa, bugungi kunda ular faqat ayrim tabiiy hududlarda saqlanib qolgan. Ushbu juft tuyoqli hayvonning tana uzunligi 110–115 sm, vazni 25–30 kilogrammni tashkil etadi. Erkak jayronlar lirasimon shoxlarga ega bo‘lsa, urg‘ochilarida shox bo‘lmaydi. Dumining qora tusda bo‘lishi sababli u xalq orasida qoraquyruq nomi bilan ham tanilgan.
Hozirda jayronlar asosan Ustyurt platosi, Qizilqum cho‘li, Qarshi cho‘li hamda Surxondaryo viloyatining ayrim hududlarida uchraydi. Ular odatda kichik guruh yoki poda bo‘lib yashaydi va keng hududlar bo‘ylab ko‘chib yuradi.
Ma’lumot uchun, «Surxon» davlat qo‘riqxonasi 1986-yil 8-sentabrda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tashkil etilgan. Qo‘riqxona hududida qariyb 200 turdagi hayvon yashaydi, ulardan 30 ga yaqini O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida ekologiyaga zarar yetkazayotgan issiqxonalar demontaj qilinayotgani haqida yozgandi.