
Poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijiy davlatlar fuqarolarini firibgarlik yo‘li bilan aldab kelgan jinoiy guruhlar fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Toshkent shahrining Yashnobod va Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yuritgan ikkita noqonuniy call-markaz aniqlandi.
Yashnobod tumanidagi biznes markazining 6-qavatida 97 nafar shaxs, jumladan 5 nafar chet el fuqarosi, Yakkasaroy tumanidagi biznes markazining 11-qavatida esa 34 nafar shaxs, shundan 3 nafari chet el fuqarosi faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.

Firibgarlik sxemasi qanday ishlagan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya va Daniya fuqarolariga soxta telefon raqamlari orqali qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini treyder sifatida tanishtirgan. Ular oyiga 70 foizgacha daromad va’da qilib, fishing havolalari orqali fuqarolarning mablag‘larini soxta investitsiya ko‘rinishida o‘zlashtirib kelgan.
Mazkur faoliyatga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar va nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari jalb etilgan. Har bir operator kun davomida yuzlab qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgan, call-markazlarga kirish esa qat’iy nazorat ostida bo‘lgan.

Ko‘plab texnik vositalar musodara qilindi
Tezkor tadbirlar davomida jinoiy faoliyatda foydalanilgan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon apparati, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf hamda boshqa texnik vositalar aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Asosiy gumondorlar qamoqqa olindi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy sxema chet el fuqarosi tomonidan 1978-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Jinoiy uyushmaning ikki nafar rahbari, shuningdek, call-markaz faoliyatining asosiy gumonlanuvchilari bo‘lgan yana sakkiz nafar shaxs qamoqqa olindi.
Bundan tashqari, yana 10 nafar gumondorga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Qolgan 111 nafar shaxs yuzasidan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 12 nafar elektr tarmog‘i xodimiga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edik.