
10-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 7,46 so‘mga tushib, 12 004,75 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Dollarning so‘nggi kunlardagi o‘zgarishi

3-iyul kuni esa 24,58 so‘mga tushib, 11 909,66 so‘mni tashkil etdi. 6-iyul kuni 64,24 so‘mga tushib, 11 973,90 so‘mga, 7-iyul kuni 68,15 so‘mga oshib, 12 042,05 so‘mga, 8-iyul kuni 20,73 so‘mga tushib, 12 021,32 so‘mga tenglashdi. 9-iyul kuni 16,57 so‘mga tushib, 12 004,75 so‘m bo‘ldi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 39,74 so‘mga oshib, 13 731,16 so‘mni, rubl esa 1,03 so‘mga oshib, 158,14 so‘mni tashkil qildi.
Dollar global bozorda qanday

Tahlilchilarning fikricha, AQShda inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolishi va Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishga shoshilmasligi dollarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Geosiyosiy xavflarning kuchayishi ham investorlarning xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabini oshirib, AQSh valyutasi pozitsiyasini mustahkamlashi ehtimol qilinmoqda.
Biroq bozor ishtirokchilari orasida yakdil qarash yo‘q. Ayrim ekspertlar dollarning o‘sish salohiyatining katta qismi allaqachon joriy narxlarda aks etganini ta’kidlamoqda. AQSh mehnat bozori zaiflashsa yoki inflyatsiya kutilganidan tezroq pasaysa, Federal zaxira tizimining yumshoqroq siyosat yuritish ehtimoli ortadi va bu dollarga bosim o‘tkazishi mumkin.
Yirik moliyaviy institutlarning ayrimlari yevroning dollarga nisbatan kursi $1,1 gacha pasayishini prognoz qilmoqda. Bunday qarash JPMorgan Chase, Morgan Stanley va boshqa banklar tahlillarida ham uchraydi. Morgan Stanley ekspertlariga ko‘ra, investorlar dollar bo‘yicha qisqa pozitsiyalarni yopishda davom etsa, AQSh valyutasiga talab oshib, yevroga qo‘shimcha bosim yuzaga kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dollar hafta davomida qanchaga oshgani haqida yozgan edi.