Yangiliklar

«Ko‘za kunda emas, kunida sinadi»: 462 mln so‘mlik noqonuniy tamaki aniqlandi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
«Ko‘za kunda emas, kunida»: 462 mln so‘mlik noqonuniy tamaki aniqlandi
Foto: Departament

Samarqand viloyati va Toshkent shahrida 462 mln so‘mlik noqonuniy tamaki aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mas’ul shaxslar mahalla hududidagi binoda umumiy qiymati 352,4 mln so‘mlik 4 124 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan. Mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan boshqa tadbirda esa fuqaro 1 890 dona tamakili snyus va 131 dona elektron tamaki mahsulotini 109,9 mln so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan. U 60 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Toshkentda 11 kg gashish moyi olib o‘tilishi to‘xtatilgani haqida yozgan edi.

Holat respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida Chilonzor tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida 2004-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosiga tegishli sport sumkasi belgilangan tartibda tekshirildi. Sumka ichidan shirinliklar va boshqa mahsulotlar ko‘rinishida qadoqlangan, taxminan 11 kg gashish moyi topildi.