
«Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi rezidentlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyatini yuritish tartibi belgilandi. Adliya vazirligi maxsus mayning zonasi rezidentlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat maxsus zona faoliyatini tashkil qilish, yuridik shaxslarni rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning ishlash tartibini belgilaydi.
Faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar qatnasha oladi
Maxsus zonaning hududi Qoraqalpog‘iston respublikasining butun hududi hisoblanadi.
Faqat Qoraqalpog‘istonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va shu hududda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar maxsus zona rezidenti bo‘lishi mumkin.
Arizani ko‘rib chiqish bepul bo‘ladi
Rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish yoki rad etish haqidagi qaror ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida qabul qilinadi.
Elektr energiyasi uchun ikki baravar tarif qo‘llanadi
Maxsus zona hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimidan olinadigan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Bunda iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar amaldagi tarifga nisbatan ikki baravar oshiruvchi koeffitsiyent asosida hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun neft va gaz konlaridan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Gap uglevodorodlarni yetkazib berish tizimi mavjud bo‘lmagan yoki eskirgan konlar haqida ketmoqda.