
O‘zbekistonda eski avtomobillarni utilizatsiyaga topshirgan fuqarolarga yangi avtomobilni 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Tegishli taklif foydalanilgan transport vositalarini utilizatsiya qilish tizimi bo‘yicha ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Ekologik kompensatsiya bekor qilinmoqda
Oldinroq xabar berganimizdek, qonun loyihasining yangilangan talqiniga ko‘ra, 30 yildan oshgan avtomobillar egalari uchun ilgari taklif etilgan yillik ekologik kompensatsiya to‘lovi bekor qilinmoqda. Buning o‘rniga fuqarolarni avtomobil parkini yangilashga rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Eski avtomobil uchun pul yoki vaucher beriladi
Taklifga muvofiq, utilizatsiyaga topshirilgan avtomobil mustaqil baholanadi. Egasi uning qiymatini naqd pul ko‘rinishida olishi yoki maxsus vaucher tanlashi mumkin. Vaucher rasmiy avtosalonlarda yangi avtomobil xaridida boshlang‘ich to‘lov sifatida qabul qilinadi.
Cobalt xaridi misolida hisob-kitob
Mas’ul idora misol tariqasida narxi 165 mln so‘m bo‘lgan Chevrolet Cobalt avtomobilini keltirgan.
Agar utilizatsiyaga topshirilgan eski avtomobil 5 mln so‘mga baholansa, xaridor qolgan 160 mln so‘mni boshlang‘ich to‘lovsiz 7 yil davomida oyiga taxminan 1,9 mln so‘mdan foizsiz to‘lab borishi mumkin bo‘ladi.
Eski avtomobil 70 mln so‘mga baholangan taqdirda esa qolgan summa kamayadi va oylik to‘lov 1,13 mln so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Loyiha hali muhokama bosqichida
Qayd etilishicha, ushbu tartib hozircha kuchga kirgani yo‘q. Qonun loyihasi qayta ishlanmoqda va jamoatchilik hamda mutaxassislarning takliflari asosida takomillashtirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt Ozarbayjonda ham ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.