Avto

Chevrolet’ning tejamkor modeli Misrda yil avtomobili deb topildi

«Mahalliy ishlab chiqarilgan eng yaxshi tejamkor yengil avtomobil» nominatsiyasida
Chevrolet’ning tejamkor modeli Misrda yil avtomobili deb topildi
Foto: GM Authority

Chevrolet Optra modeli Misrda o‘tkazilgan 16-yillik «Yil avtomobili» mukofotida «Mahalliy ishlab chiqarilgan eng yaxshi tejamkor yengil avtomobil» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. GM Authority’ga ko‘ra, mazkur model ushbu yo‘nalishda o‘tgan yili ham birinchi o‘rinni egallagan edi.

Chevrolet Optra Shimoliy Amerika bozorida sotilmaydi. Biroq uning boshqa nomdagi versiyalari turli mamlakatlarda mavjud. Masalan, model Meksikada Aveo, Janubiy Amerikada esa Sail nomi bilan sotiladi.

Aveo va Sail Xitoyda ishlab chiqarilsa, Optra Misrning o‘zida yig‘iladi. Shu sababli u mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar toifasida mukofot olgan.

Chevrolet yana ikki yo‘nalishda e’tirof etildi

Foto: GM Authority

Chevrolet Misr bozorida eng ko‘p sotilgan tijorat avtomobili brendi deb ham topildi.

Shuningdek, kompaniya yengil va tijorat avtomobillari savdosi bo‘yicha umumiy hisobda ham birinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa Chevrolet uchta mukofotni qo‘lga kiritdi.

GM Misrda 100 yillik faoliyati uchun taqdirlandi

General Motors Misrda 100 yil faoliyat yuritgani munosabati bilan faxriy mukofotga ham sazovor bo‘ldi. Kompaniya bu mamlakatdagi faoliyatini 1926-yilda Iskandariya shahrida boshlagan. Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish esa 1937-yilda yo‘lga qo‘yilgan.

GM rahbari Rori Xarvining aytishicha, mukofotlar kompaniyaning Misrni mintaqaviy avtomobil ishlab chiqarish va eksport markaziga aylantirishdagi o‘rnini tasdiqlaydi.

Beshinchi mukofot GM Egypt rahbariga berildi

Foto: GM Authority

Yana bir mukofot GM Egypt and Africa boshqaruvi raisi va boshqaruvchi direktori Sharon Nishiga topshirildi. U avtomobil sanoatini rivojlantirishdagi yetakchiligi va bozorga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.

Misr bozorida Chevrolet Optra’dan tashqari T-Series va bir qator SUV modellari ham sotiladi. Shuningdek, Cadillac brendi ham bu yil Misr bozoriga Escalade, Optiq, Lyriq, Vistiq va Escalade IQ modellari bilan qaytishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Cobalt Ozarbayjonda ham ishlab chiqarilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha Azermash CP kompaniyasi va «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ikkinchi bosqichning umumiy qiymati $84,3 mlnni tashkil etadi.