
Samsung kompaniyasi Galaxy S26 seriyasiga talab yuqori bo‘lgani sabab ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaror qildi. Sammobile’ga ko‘ra, Janubiy Koreyada yangi flagmanlar savdosi dastlabki prognozlardan yuqori bo‘lmoqda.
Ishlab chiqarish rejasi 1,5 mln donaga oshirildi
ETNews ma’lumotiga ko‘ra, Samsung iyul oyidagi ishlab chiqarish rejasini 1 mln donadan 1,5 mln donagacha ko‘targan.
Galaxy S26 Janubiy Koreya bozorida Samsung’ning eng ko‘p sotilayotgan smartfonlar qatoriga aylangan.
Chegirmalar talabni oshirdi
Tahlilchilarga ko‘ra, savdoning o‘sishiga katta chegirmalar, reklama kampaniyalari va elektronika narxlari oshishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ta’sir qilgan.
Asosiy omillardan biri Samsung Electronics Appreciation Festival With The People aksiyasi bo‘ldi. Unga ko‘ra, xaridorlar qurilma narxining 20 foizini Digital Onnuri Gift Certificates ko‘rinishida qaytarib olish imkoniga ega bo‘lgan.
Savdo ayrim platformalarda uch baravar oshdi
Aksiya boshlanganidan keyin Galaxy S26 savdosi 11st va Coupang kabi yirik savdo platformalarida qariyb uch baravar oshgan.
Yuqori talab qurilmalar yetkazib berish muddatiga ham ta’sir qilgan. Samsung’ning rasmiy onlayn do‘konida Galaxy S26 yetkazib berish muddati avgust oyiga surila boshlagan.
Samsung ishlab chiqarishni yana oshirishi mumkin
Kompaniya iyul oyidagi savdo natijalarini baholaydi. Agar talab yuqori darajada saqlanib qolsa, avgust oyida ishlab chiqarish hajmi yana oshirilishi mumkin.
Samsung 22-iyul kuni navbatdagi Unpacked tadbirini o‘tkazadi. Unda Galaxy Z Flip 8, Galaxy Z Fold 8 va Galaxy Z Fold 8 Ultra smartfonlari taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 narxi $200 ga pasaygandi. Standart Galaxy S26 modeli $100 ga arzonlashtirilgan. Galaxy S26+ va Galaxy S26 Ultra smartfonlariga esa $200 miqdorida chegirma berilmoqda. Taklif Samsung’ning AQShdagi rasmiy internet do‘koni va Shop Samsung ilovasida 19-iyulgacha amal qiladi.