
Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat yetakchisi so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari hamda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli tashkil qilingani qayd etildi.

Savdo va investitsiya hamkorligi
Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmi izchil oshib borayotgani alohida ta’kidlandi. So‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch baravar oshib, o‘tgan yil yakunida salkam $1 mlrdga yetgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa bu ko‘rsatkich yana 30 foizga oshgan. Hozirda ikki mamlakat ishtirokidagi 360 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarni olqishladi. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani qayd etildi.



Yangi tashabbuslar va xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va ushbu yo‘nalishda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirgani ta’kidlandi. Shuningdek, Minsk shahrida o‘tkazilgan uchinchi O‘zbekiston – Belarus hududlararo forumi yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolangani e’tirof etildi.
Tomonlar BMT, MDH, ShHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, joriy yil yakuniga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va ta’lim forumlarini o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Shuningdek, Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Rasmiy taklif bildirildi
Muzokaralar yakunida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari tinglandi. Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko Mirziyoyev bilan uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlari alkogolli ichimlik iste’mol qilmaganini, faqat sharbat ichganini ma’lum qilgan edi.