
2026/2027-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha maxsus sinovlarning o‘tish ballari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Eng yuqori o‘tish bali huquq yo‘nalishi uchun belgilandi – 165 ball. Siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishlari uchun 140 ball talab etiladi.
Boshqa yo‘nalishlarda ballar
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida o‘tish bali 132 ballni tashkil etadi. San’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun 105 ball, transport xizmatlari uchun esa 104 ball belgilangan.
Ta’lim, gumanitar fanlar, tillar, atrof-muhit, matematika va statistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ijtimoiy ta’minot yo‘nalishlarida o‘tish bali 94 ballni tashkil qiladi. Biologik fanlar, fizika va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari uchun 80 ball, muhandislik, ishlab chiqarish va arxitektura yo‘nalishlari uchun 75 ball belgilangan.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi hamda mehnat muhofazasi yo‘nalishlarida o‘tish bali 70 ballni, veterinariyada esa 60 ballni tashkil etadi.
Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston davlat oliygohlarining mos yoki turdosh bo‘lmagan bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmasligi eslatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish ruxsatnomasini yuklab olishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Abituriyentlar ruxsatnomani my.uzbmb.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali JShShIR (PINFL) hamda pasport yoki ID-karta ma’lumotlarini kiritish orqali yuklab olishlari mumkin.