
Iqtisodchi Otabek Bakirov xarid cheklariga beriladigan 1 foizlik keshbek tizimini bekor qilish taklifi jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilinishi tabiiy ekanini aytdi. Uning fikricha, agar tizim tugatilsa, fuqarolarga uning o‘rnini bosadigan, qiymati jihatidan kam bo‘lmagan yangi imkoniyat taklif etilishi kerak.
Keshbek fuqarolar uchun odatiy tizimga aylangan
Bakirovning ta’kidlashicha, to‘rt yil avval joriy etilgan keshbek tizimi vaqt o‘tishi bilan fuqarolar tomonidan o‘ziga tegishli mablag‘ sifatida qabul qilina boshlagan. Shu sababli keshbek miqdorining kamaytirilishi ham avvalroq jamoatchilik tomonidan ijobiy kutib olinmagan edi.
2024-yildan boshlab bir oyda qaytariladigan keshbek miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan xaridlar summasining 1 foizi bilan cheklangan. Bu oyiga eng ko‘pi bilan 247,2 ming so‘mni tashkil etadi.
Soliq qo‘mitasi tizimni bekor qilish rejasi yo‘qligini bildirgan
Bakirov Soliq qo‘mitasi yaqinda keshbek tizimini bekor qilish yoki uning amal qilishini cheklash maqsadi yo‘qligini ma’lum qilganini ham eslatdi.
Shu bilan birga, u Fiskal tahlillar instituti tomonidan keltirilgan ayrim dalillarni ham butunlay asossiz deb bo‘lmasligini qayd etdi.
Iqtisodchining fikricha, keshbek tizimi allaqachon oq va shaffof bo‘lgan savdo operatsiyalari uchun ham Davlat budjeti mablag‘lari sarflanishiga olib kelmoqda.
Qarorlarni ortga qaytarish ishonchsizlikni oshiradi
Bakirovning aytishicha, keshbek yoki boshqa rag‘batlantiruvchi tizimlar joriy etilganda ularning amal qilish muddati va bekor qilinish shartlari oldindan aniq belgilanmasa, keyinchalik ularni o‘zgartirish qiyinlashadi.
Bu esa fuqarolarda davlat qarorlariga nisbatan qo‘shimcha ishonchsizlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.
U quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun beriladigan subsidiyalarni ham bunga misol sifatida keltirdi.
1,8 trln so‘mga teng muqobil taklif kerak
Iqtisodchi hisob-kitoblariga ko‘ra, fuqarolar shartli ravishda yiliga 1,8 trln so‘mga yaqin keshbek oladi. Shu sababli, uning fikricha, keshbek tizimi tugatilsa, iste’molchilar buning evaziga kamida shunga teng qiymatdagi imkoniyatga ega bo‘lishi kerak.
Bakirov lotereya tizimi bunga munosib muqobil bo‘la olmasligini, ayniqsa, mukofot jamg‘armasi kichik bo‘lsa, jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilinmasligini ta’kidladi.
Mablag‘larni «Tashabbusli budjet»ga yo‘naltirish taklif qilindi
Iqtisodchi keshbek uchun sarflanadigan mablag‘larni «Tashabbusli budjet» loyihalariga qo‘shimcha moliyalashtirish sifatida yo‘naltirish mumkinligini aytdi.
Uning fikricha, ayniqsa ko‘p ovoz to‘plagan, biroq g‘olib bo‘la olmagan loyihalarni moliyalashtirish adolatli yechim bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolarga yig‘ilgan keshbek mablag‘larini sheriklik asosidagi loyihalarga yo‘naltirish imkoniyatini yaratish ham taklif qilindi.
Bakirov bu variantlar faqat misol ekanini ta’kidlab, eng yaxshi takliflar fuqarolarning o‘zidan chiqishi mumkinligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda qariyb 40 milliard so‘mlik keshbek noqonuniy «uxlatilgandi». Tergovga ko‘ra, bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirib, 5 ta korxona nomidan 2,2 trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Keyinchalik nazorat-kassa texnikalari orqali mahsulotlar sotilgani ko‘rsatilib, xarid cheklari shakllantirilgan.