
Qashqadaryo viloyatida noqonuniy ravishda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sexlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Ko‘kdala va Kitob tumani bo‘limlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida fuqarolar o‘z xonadonlarida qo‘lbola usulda tayyorlangan moy juvoz uskunalarida iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarayotgani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida 403 kilogramm chigit, 331 kilogramm kunjara, 104 litr iste’molga yaroqsiz yog‘, 52 dona yelim idish, 5 dona juvoz uskunasi hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi, ya’ni chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 800 dollar olgan mehnat inspektori qo‘lga olingan edi.