
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i pora olayotgan vaqtda ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lumotiga ko‘ra, u Zarafshon mahallasida 150 tup terak daraxti kesilgani bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga chora ko‘rmaslikni va’da qilgan.
Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirish hamda transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga fuqarodan 11 mln so‘mlik kompyuter jamlanmasini talab qilgan.
Mansabdor ushbu kompyuter jamlanmasini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining pora olish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda $800 olgan mehnat inspektori fosh etilgandi. Departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida muqaddam sudlangan inspektor yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filialiga orastabon vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.