Yangiliklar

Senat Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni ma’qulladi

Qonun O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish va investitsiyalar oqimini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos yaratadi
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni ma’qulladi
Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur hujjat O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish va zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan. Qonun avval Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilinib, takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Keyinchalik senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari hamda tashkilotlar ishtirokida hujjatni qayta ishlab chiqdi.

Konstitutsiyaviy qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazining alohida hudud sifatidagi maqomi va faoliyatining asosiy tamoyillari belgilanadi. Markaz hududida xalqaro investorlar uchun moliyaviy barqarorlik va huquqiy kafolatlarni ta’minlashga qaratilgan normalar ham joriy etiladi.

Qanday funksiyalarni bajaradi

Foto: Senat.uz

Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi moliyaviy va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish, nazorat qilish hamda majburlov choralarini qo‘llash uchun mas’ul organ bo‘ladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa o‘z yurisdiksiyasiga kiruvchi nizolarni ko‘rib chiqish va sud ma’muriyatchiligini amalga oshirish bo‘yicha mutlaq vakolatlarga ega bo‘ladi.

Senatorlarning qayd etishicha, qonun O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish va investitsiyalar oqimini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos yaratadi. Markaz xalqaro moliya markazlarining ilg‘or tajribasi asosida huquqiy aniqlik, tartibga solishning oldindan prognoz qilinishi, sud mustaqilligi hamda investorlarning manfaatlarini himoya qilish tamoyillari asosida faoliyat yuritadi.

Qonunda markaz ishtirokchilari uchun qator imkoniyatlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz ishga qabul qilishga ruxsat beriladi. Shuningdek, markaz bilan bog‘liq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yilgacha muddatga kirish vizasi berilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Senat e’tirozlaridan so‘ng Toshkent xalqaro Moliya markazi to‘g‘risidagi qonun takomillashtirilgani haqida yozgan edi.