
Endilikda sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishdan oldin korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasini olish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Xulosa olish majburiymi
Nizomga ko‘ra, davlat organi yoki tashkilotidan bo‘shagan xodimni ikki yil davomida u bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilishdan oldin avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinadi. Agar ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshirilsa, ushbu xulosa tanlovda ham inobatga olinadi.
Ichki nazorat bo‘linmasining xulosasi olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda, nomzodni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xulosalar qanday beriladi
Ichki nazorat bo‘linmasi korrupsiyaviy xavf darajasini past, o‘rta yoki yuqori toifalar bo‘yicha baholaydi.
- Ijobiy xulosa — ishga qabul qilishga rozilik beriladi.
- Cheklovli ijobiy xulosa — muayyan cheklovlar bilan ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
- Salbiy xulosa — ishga qabul qilish rad qilinadi.
Cheklovli ijobiy xulosa berilganda, xodim uch oy davomida avval nazorat qilgan tashkilot bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok eta olmaydi, uning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi hamda faoliyati ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.
Nizom qachondan kuchga kiradi
Xulosadan norozi bo‘lgan xodim yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega. Nizom rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar uchun alohida elektron reyestr joriy etilishi haqida yozgan edik.