
Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanalida yuz bergan fojiali hodisa oqibatida suvga sakragan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda «Millar» dasturida ma’lum qilindi.
Hodisa Xotira xiyoboni yaqinida sodir bo‘lgan
Ma’lum qilinishicha, Milliy gvardiya xodimlari kanal bo‘ylab oqib ketayotgan ayolni ko‘rib, uni qutqarishga shoshilgan. Harbiy xizmatchilardan biri ayolning hayotini saqlab qolish maqsadida darhol suvga tushgan.
Ammo kuchli oqim va suv girdobi sabab ayolni qutqarishning imkoni bo‘lmagan. Oqibatda ayol ham, uni qutqarishga uringan harbiy xizmatchi ham halok bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar tasdiqlanmadi
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayol qutqarilgani, Milliy gvardiya xodimi esa bedarak yo‘qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida ikkala fuqaro ham vafot etgan.
Harbiy xizmatchining jasadi qidiruv ishlari davomida topildi
Milliy gvardiya ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiy xizmatchi 2005-yilda tug‘ilgan bo‘lib, yaqin kunlarda uning to‘yi bo‘lishi rejalashtirilgan edi.
Ayolning jasadi hodisa sodir bo‘lgan kunning o‘zidayoq topilib, yaqinlariga topshirilgan. Milliy gvardiya xodimining jasadi esa qutqaruv xizmatlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari yakunida aniqlanib, suvdan chiqarilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqanddagi nodavlat bog‘chada 3 yoshli bola suvga tushib, halok bo‘lgani haqida yozgandi.