
Budjet smartfonlar haqida gap ketganda, ko‘pchilik hali ham bunday qurilmalar bir yil o‘tib sekinlashishi, batareyasi tez ishdan chiqishi yoki arzon materiallar sababli tez shikastlanishi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq 2026-yilda arzon segmentdagi telefonlar ham katta sig‘imli akkumulyator, mustahkam korpus, sifatli ekran va zamonaviy dasturiy imkoniyatlarni taklif qilmoqda. «Palach» nashri e’lon qilgan maqolada uzoq yillar ishlaydigan beshta arzon smartfon va ularni tanlash uchun muhim sabablar haqida so‘z yuritiladi.
Realme C100x

Realme C100x’ning asosiy ustunligi – 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyatoridir. Shunga qaramay, smartfon korpusi haddan tashqari qalin yoki noqulay ko‘rinishga ega emas. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, batareya yetti yil foydalanilgandan keyin ham dastlabki sig‘imining 80 foizidan ko‘prog‘ini saqlab qolishi mumkin.
Qurilma ikki metr balandlikdan tushib ketishga bardosh beradigan mustahkam rama va kuchaytirilgan burchaklar bilan jihozlangan. IP64 himoya darajasi uni chang va suv sachrashidan asraydi.
Smartfon 6,8 dyuymli yorqin ekran, bildirishnomalar uchun aqlli yoritish tizimi va sun’iy intellekt funksiyalariga ega dasturiy ta’minot bilan taklif etiladi. Katta batareya va mustahkam korpus Realme C100x’ni kundalik foydalanish uchun uzoq muddatli yechimga aylantiradi.
Tecno Pova 7 Neo

Tecno Pova 7 Neo futuristik dizayni bilan boshqa budjet modellardan ajralib turadi. Uning tashqi ko‘rinishida shaffof va texnologik elementlardan foydalanilgan bo‘lib, bu qurilmaga noodatiy qiyofa beradi.
Model 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. Bunday batareya odatiy foydalanishda telefonni tez-tez quvvatlash zaruratini kamaytiradi. Qurilmaga tasvirni silliq namoyish etuvchi 120 gersli ekran va MediaTek Helio G100 Ultimate protsessori o‘rnatilgan.
IP64 himoya darajasi smartfonni chang va namlikdan saqlaydi. Tecno Pova 7 Neo katta batareya, yuqori yangilanish chastotali ekran va o‘ziga xos dizaynni birlashtirgan model hisoblanadi.
Honor X8d

Honor X8d kundalik foydalanishda mustahkamlik va uzoq ishlashga urg‘u berilgan smartfonlardan biri. Qurilma IP65 darajasidagi chang va namlikdan himoyaga ega, korpusi esa zarbalarga bardosh beradigan tarzda ishlab chiqilgan.
Smartfonga 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Bu telefonni faol foydalanishda ham uzoq vaqt quvvatlamasdan ishlatish imkonini beradi.
Model 108 megapikselli asosiy kamera, yorqin AMOLED ekran va sun’iy intellektga asoslangan funksiyalarni taklif qiladi. Honor X8d batareya, ekran va kamera imkoniyatlari o‘rtasidagi muvozanati bilan ajralib turadi.
Redmi Note 15

Redmi Note 15 Xiaomi’ning ommabop Note turkumidagi muvozanatli modellardan biridir. Smartfonning asosiy ustunligi yuqori yangilanish chastotasiga ega AMOLED ekranidir. Displey mustahkam himoya oynasi bilan qoplangan bo‘lib, tasvir sifati va chidamlilikni birlashtiradi.
Qurilma 6000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Bu ko‘rsatkich kundalik vazifalar, video tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlar va o‘yinlarda yetarli avtonomlikni ta’minlaydi.
Smartfonga MediaTek protsessori, 108 megapikselli kamera va IP64 himoya darajasi berilgan. Redmi Note 15 yaxshi ekran, katta batareya va sinovdan o‘tgan apparat platformasini izlayotgan foydalanuvchilar uchun mos keladi.
Moto G100 Pro

Moto G100 Pro kuchliroq apparat imkoniyatlari bilan ajralib turadigan budjet smartfonlardan biridir. Qurilma MediaTek Dimensity 7300 protsessori bilan ishlaydi. Ushbu chip kundalik vazifalar bilan birga og‘irroq ilovalar va o‘yinlarni ham barqaror boshqarishga qodir.
Smartfon 120 gersli pOLED ekran va 6720 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Tezkor quvvatlash texnologiyasi katta akkumulyatorni qisqa vaqt ichida quvvatlantirish imkonini beradi.
Moto G100 Pro korpusi mustahkamlik bo‘yicha 14 xil sinovdan o‘tkazilgan. Modelda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli va 50 megapikselli asosiy kamera ham mavjud. Kuchli protsessor, sifatli ekran va himoyalangan korpus uni bir necha yil foydalanishga yaroqli qurilmaga aylantiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 narxi 200 dollarga pasaygani haqida yozgan edi.