Avto

Xiaomi Sky Nomad nomli yangi avto brendini ishga tushirdi

Xiaomi Sky Nomad nomli yangi avto brendini ishga tushirdi
Foto: CarNewsChina

Xiaomi kompaniyasi qulay va keng avtomobillarga yo‘naltirilgan yangi brendi Sky Nomad deb nomlanishini rasman tasdiqladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Brendning xitoycha nomi Xiaomi Pengcheng bo‘ladi. Uning ilk modeli N90 nomli yirik gibrid yo‘ltanlamas bo‘lishi kutilmoqda. Sky Nomad avtomobillari masofani uzaytiruvchi ichki yonuv dvigateliga ega elektr tizimidan foydalanadi. Bunda benzin dvigateli g‘ildiraklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatga keltirmaydi, balki elektr motorlari va batareyani quvvatlantiradi.

Foto: CarNewsChina

Xiaomi Sky Nomad N90 1,5 litrli turbomotor va 70 kVt/soatdan katta sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Avtomobil elektr quvvatining o‘zida 400–500 km, aralash rejimda esa 1 500 km dan ortiq masofa bosib o‘tishi mumkin.

Yo‘ltanlamasning uzunligi qariyb 5,3 metr, g‘ildirak bazasi esa 3,1 metrni tashkil etadi. Model besh va yetti o‘rindiqli salon variantlarida taklif qilinishi kutilmoqda.

Foto: CarNewsChina

Sinov vaqtida tushirilgan suratlarda N90 yirik faralar, trapetsiyasimon havo kirish qismi, baland kapot, tomga o‘rnatilgan lidar va elektr boshqaruvli yon zinalar bilan ko‘rinadi.

Xiaomi avtomobil bozoriga 2024-yilda SU7 elektr sedani bilan kirgan edi. Keyinchalik kompaniya SU7 Ultra sportkari va YU7 krossoverini taqdim etdi. 2026-yil mayida Xiaomi Xitoy bozorida 32 759 ta avtomobil yetkazib bergan.

Avvalroq «Kursiv» Redmi Note 17 Pro 10 000 mA/soat batareya olishini yozgandi.